Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi hamda Hindiston mustaqilligining 75 yilligi munosabati bilan OʻzR FA Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida Hindiston Elchixonasi tasarrufidagi Lal Bahodir Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi va SHHT(Toshkent) bilan hamkorlikda “Liboslar: hind va oʻzbek xalqlari oʻrtasidagi madaniy aloqalar koʻprigi” nomli koʻrgazmaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Ishtirokchilar oʻzbek va hind millatining turli marosimlarda va kundalik hayotda kiyiladigan milliy liboslari, bosh kiyimlari va milliy matolari bilan tanishdi.

Koʻrgazmadagi liboslarda ikki xalq oʻrtasidagi madaniy oʻxshashlik va ranglar uygʻunligini koʻrishimiz mumkin. Paxta va shoyi matosidan tikilgan, naqshlari esa kumush va oltin iplar bilan bezatilgan, islimiy naqshlarning hamohangligi ikki xalqning azaliy birdamligini koʻrsatadi.

Koʻrgazma joriy yilning 31-avgustiga qadar davom etadi.