"Humo arena" muz saroyi oldidan start olgan velomarafon ishtirokchilari shahar boʼylab 5 kilometr masofani bosib oʼtdi. Qayd etilishicha, mazkur tadbirdan koʼzlangan maqsad velosport turini ommalashtirish, sogʼlom turmush tarzini targʼib qilish, shahar boʼylab tashkil etilgan marafon orqali sayyohlik salohiyatini namoyish etish hisoblanadi.
– Shaharlarimizda yangi velosiped yoʼlaklari tashkil etilmoqda. Oʼylashimcha, aholini sportga targʼib qilish ham ekologiyaga, ham odamlar salomatligiga foydali. Bundan tashqari, velosport targʼiboti orqali koʼchalarimiz ham koʼrkam boʼladi. Oʼzim ham ishdan boʼsh paytlarim velosiped haydab turaman. Bizga eng keraklisi – murabbiylar. Shuning uchun velosport uchun xorijdan ham murabbiylar jalb qilamiz. Xalqaro turnirlarni Oʼzbekistonda oʼtkazish nima beradi? Birinchidan, yosh sportchilarimiz ushbu musobaqalarda qatnashib, oʼz reytingini oshiradi. Ikkinchidan, yoshlarning jahon darajasidagi sportchilar bilan bir musobaqada qatnashishi ularning tajribasi oshishiga koʼmak beradi, – dedi Аziz Аbduhakimov.