Xabaringiz bor davlatimiz rahbarining 2019 yil 7 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yana-da takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori eʼlon qilinib, shunga asosan axborot–kutubxonalar faoliyatini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratila boshlandi. Shuningdek, qarorning 1-ilovasiga ko‘ra, “2019-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasida axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish” Konsepsiyasiga ko‘ra bir qator ishlar amalga oshirilishi belgilangan. Ammo, qarorning ijrosi barcha joyda birdek ishlayapti, deb bo‘lmaydi. Buni esa kuzatuvlarimiz natijasida angladik.
Maqsadimiz tuman axborot-markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishish bo‘lganligi bois yo‘lga chiqdik. Qarshi shahridan uncha olis bo‘lmagan Nishon tumani aholisi kamroq va hududidi jihatidan qolgan tumanlardan biroz kichikrok hisoblanadi. Tuman markaziga kirib borgach, ilk duch kelgan kishidan Axborot-kutubxona markazi manzilini so‘radik. Afsuski, javob oddiy bo‘ldi. “Bilmayman”. Ikkinchi bir kishiga shu savol bilan yuzlanarkanmiz, u kishi ham yelka qisib, bilmasligini tan oldi. Albatta, yoshlar bilimga chanqoq bo‘ladi, degan umidda navbatda yana o‘sha savol bilan o‘spiringa yuzlandik. U ham, rosti bilmasligini, olisroq qishloqdan kelganini aytib qoldi. Xullas, bir necha kishiga berilgan bu savolga javob aniq aytilmadi. Nihoyat, mutasaddilar orqali manzilni aniqlab, Nishon tuman axborot-kutubxona markazini topib keldik. Tumandagi “Baynalminal” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida haminqadar, bir iloj qilib joylashgan axborot-kutubxona sharoitlari ham o‘ziga yarasha edi.
— Oldin tumandagi sobiq maishiy xizmat ko'rsatish kolleji binosida edik, bu erga yaqinda keldik, — deydi Nishon tuman axborot kutubxona markazi rahbari Asadulla Omonov. — Avvalgi joyimiz ham o'ziga yarasha, moslashtirilgan joy edi. Ta'mirlash ishlari olib borilayotgani sababli bu erga ko'chib kelishga majbur bo'ldik. Lekin, bu yerdagi xonalar ko'rib turganingizdek, kichikligi bois barcha kitoblarni olib kelishga imkon bo'lmadi. Qisman, aholi ko'p so'raydigan adabiyotlarni olib kelib, qolganlarini o'sha joyda bir xonaga qulflab kelishga majbur bo'ldik. Zarur bo'lsa, borib olib kelamiz ilojimiz qancha. Bu yerda ham qancha vaqt turamiz buni ham aniq bilmaymiz.
Asaddula akaning ta'kidlashicha, kitobxonlar uchun sharoilar etarli emas. Kitob javonlari ham juda eski. Taxminan 40 yillar oldin xarid qilingan javonlardan foydalanib kelinadi. Alohida tuman aholisi uchun yangi axborot-kutubxona qurib berishlarini so'rab bir necha bor tuman hokimiga murojaat qilib kelishayotgan bo'lishsada, natija yo'q. Hattoki, bir necha bor tuman hokimiga bu borada berilgan murojaatlarga bir enlikkina javob xati ham berilmagani ajablanarli.
Bu holat birgina Nishon tumanida emas, balki boshqa joylardagi holat ham maqtovga arzigulik emas. Jumladan, Dehqonobod tumanidagi axborot-kutubxona markazi tadbirkor tomonidan qurib berilgan binoda bo'lganligi bois, har yili kutubxonachilarni u joydan chiqib ketishlarini talab qilib keladi. Dehqonobod tuman axborot-kutubxona markazi mutasaddilari alohida, o'z joyimizga qachon ega bo'larkinmiz, deya tadbirkorning qavog'iga qarab yashashdan charchashganini aytishmoqda. SHuningdek, Kasbi tumani axborot-kutubxona markazi ham ayni paytda tumandagi 19-maktabgacha ta'lim muassasida joylashgan. Bir tomoni bolalar bog'chasi, bir tomoni axborot kutubxona markazi bo'lgan joyni kitobxonlar qanday topib kelishi amrimahol. Kichik xonalarda joylashgan kutubxonaning ahvolini tasavvur qilib ko'ravering.
Mirishkor tumanidagi axborot-kutubxona markazi ham tuman markazidan biroz olisda, Tuman maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi idorasida joylashgan. Kutubxonachilarning tuman hokimligiga bir necha marotaba murojaat bilan chiqishlari bir kun natija berishidan umid qilishmoqda.
CHiroqchi tumanidagi markaz ham bir necha yillar oldin sobiq transport kollejining o'quvchilar yotoqxonasiga joylashtirilgan va hozir ham shu joyda faoliyat olib bormoqda. YOrug' va shinam, zamonaviy binoni esa faqatgina orzu qilish bilan vaqt o'tkazishmoqda.
Muborak tumanidagi axborot-kutubxona markazi ham eski “Madaniyat uyi”idan qo'nim topgan.
Xo'sh, bu holat qachongacha davom etadi. Tuman axborot-markazlarida holat shu zayilda davom etarkan, biz kitobxonlar kamayib ketmoqda, deya aybni aslida birovdan emas, o'zimizdan izlash kerak emasmi? Aslida, keltirib o'tgan tumanlardagi kutubxonalarning ahvolidan tuman hokimlari xabardormikan? Kattagina mablag'lar evaziga sotib olinayotgan kitoblar, chang bosgancha o'quvchisini kutib yotgani achinarli. Aholiga ma'naviy ozuqa beruvchi kitoblaru kutubxonalar o'z holicha tashlab qo'yilmaydi, degan umiddamiz. Qolaversa, har kuni biz misol keltirgan tuman hokimlari ish kunini kitob o'qish va kutubxona faoliyatini o'rganish bilan boshlashsa, yon atrofi, aholiga ma'naviyatni targ'ib qilsa yaxshi bo'lardi. Nima dedingiz?
“2019-2024 yillarda O'zbekiston Respublikasida axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish” Kontseptsiyasida belgilangan vaqtning 4 yili o'tib borayotgan bo'lsada, ijrosi qachon amalga oshadi degan savolga esa keyingi safar tuman hokimlarining o'zidan olishga harakat qilamiz.
Akbar Rahmonov,
"YAngi O'zbekiston" muxbiri