Majlisda Saylov kodeksiga binoan, muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchilar uchun saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish oʻtkazilishi yuzasidan qaror qabul qilindi. Unga koʻra, muddatidan oldin ovoz berish 2023-yil 28-iyun kuni boshlanib, 2023-yil 5-iyul kuni yakunlanadi. Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9.00 dan soat 18.00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 11.00 dan soat 17.00 ga qadar davom etadi.
Maslisda Prezident saylovini oʻtkazish davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligi boʻlinmalarining bu yoʻnalishdagi vazifalari belgilab berildi. Shuningdek, saylovga tayyorgarlik koʻrish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar boʻyicha koʻrilgan choralar komissiya aʼzolari tomonidan muhokama etildi va qaror qabul qilindi.
Markaziy saylov komissiyasining muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaroriga muvofiq, 51 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish yuzasidan qabul qilingan qarorga muvofiq esa, mahalliy ommaviy axborot vositalarining 300 vakili akkreditatsiya qilindi. Umumiy hisobda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining soni 854 nafarni tashkil etmoqda.
Majlisda muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish yuzasidan 7-Samarqand, 6-Namangan, 12-Xorazm, 5-Navoiy hamda 10-Toshkent viloyat okrug saylov komissiyasi raislarining saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori tashkiliy darajada oʻtkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida axboroti tinglandi.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri









