Prezident saylovining dastlabki natijalari

    Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

    Markaziy saylov komissiya raisi Z.Nizomxo‘jayev Prezident saylovi xalqaro va milliy saylov mezonlari asosida, ko‘tarinki ruhda o‘tkazilganini qayd etdi. Mazkur siyosiy tadbirni 15 ta xalqaro tashkilot, 47 ta xorijiy davlatdan tashrif buyurgan jami 800 ga yaqin xalqaro kuzatuvchi bevosita kuzatgani, shuningdek, saylovni milliy va xorijlik ommaviy axborot vositalarining jami 1400 vakili yoritib borgani aytildi.

    Ta’kidlanganidek, xalqimiz va mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy tadbir bo‘lgan saylovni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. Yurtimiz bo‘ylab 10 ming 784 ta, shuningdek, mamlakatimizning 39 ta xorijiy davlatdagi vakolatxonalari huzurida tuzilgan 56 ta saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlari qizg‘in va faol tashkil etildi.

    Prezident saylovida jami saylovchilarning 15 million 651 ming 405 nafari yoki 79,88 foizi ovoz berishda ishtirok etdi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatov 629 ming 116 ta yoki 4,02 foiz, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Robaxon Mahmudova 693 ming 634 ta yoki 4,43 foiz, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyev 13 million 625 mingdan ortiq yoki 87,05 foiz, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Abdushukur Hamzayev 585 ming 711 yoki 3,74 foiz ovoz to‘pladi.

    Dastlabki natijalarga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev saylovda g‘alabaga erishdi.

    Shu kuni Oliy sud va Bosh prokuratura vakillari ishtirokida brifinglar ham o‘tkazildi. Ularda Prezident saylovida qonuniylikni ta’minlash, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

    Bildirilishicha, saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari boshlanganidan bugungi kunga qadar sudlarga saylovni tashkil etish hamda o‘tkazish, jumladan, saylov o‘tkazuvchi komissiyalar faoliyatiga aralashish, ularning ishida to‘siqlarni yuzaga keltirish, saylov o‘tkazuvchi komissiyalar qarorlarini ijro etmaslik, ularning murojaatlarini ko‘rib chiqishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etish, ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik ishlari kelib tushmagan.

    Shuningdek, Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov ishtirokidagi brifingda ham saylov jarayonida qonuniylikni ta’minlash choralari ko‘rilgani alohida qayd etildi.

    Shu kuni Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida xalqaro tashkilotlar missiyalari vakillari ishtirokida ham brifinglar bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasida qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda xorijlik ekspertlar saylov jarayoni bilan bog‘liq fikr-mulohazalarini bayon etdi.

    — O‘zbekistonga uchib kelishimiz bilan bu o‘lka naqadar mehmondo‘st ekaniga guvoh bo‘ldik, — deydi Arab saylov organlari uyushmasi ijro apparati rahbari Hisham Mahmud Yusuf Kuxail. — Saylov kuni biz 15 dan ortiq saylov uchastkasiga bordik. Uchastkalarda saylov jarayonlari tinchlik-osoyishtalik bilan o‘tdi. Saylovchilar uchastkalarga yuzlarida tabassum bilan kirib keldi. Mamlakatingizda saylovchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar meni hayratga soldi. Markaziy saylov komissiyasi ovoz berishni professional tarzda tashkillashtirilgani, uchastka saylov komissiyalari a’zolari ham o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashgani tahsinga sazovor. Biz O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikni kengaytirishga qaror qildik. Chunki Markaziy saylov komissiyasining saylov sohasidagi boy tajribasi guvohi bo‘ldik. Demokratik saylov yuqori saviyada o‘tgan bilan barchangizni tabriklaymiz.

    Bahor XIDIROVA,

    “Yangi O‘zbekiston” muxbir