Hujjatga asosan “O'zmetkombinat” AJning Toshkent viloyati, Bo'stonliq tumanida joylashgan “Yoshlik” bolalar sog'lomlashtirish oromgohi Prezident ta'lim muassasalari agentligi tasarrufiga beg'araz o'tkazilgan. Kelgusi 10 yil davomida oromgohni saqlash bilan bog'liq xarajatlar “O'zmetkombinat” AJ tomonidan ajratiladigan homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi. “Yoshlik” bolalar sog'lomlashtirish oromgohi negizida “Renessans” sog'lomlashtirish oromgohi tashkil etiladi.
Oromgoh faoliyatining asosiy yo'nalishlari etib bolalarni sog'lomlashtirish, ularning yosh xususiyatidan kelib chiqqan holda sog'lom turmush tarziga o'rgatish, jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish, yoshlarning IT, STEAM (ilm-fan, texnologiya, muhandislik, san'at, matematika), biznes boshqaruvi, ijod sohalaridagi iqtidorini rivojlantirish, yoshlarni kasb-hunarga yo'naltirish, tadbirkorlikka o'rgatish, yosh olimlarni qo'llab-quvvatlash, ularning kasbiy qobiliyatlarini rivojlantirishda ustoz-shogird an'analaridan keng foydalanish, yoshlarni, shu jumladan imkoniyati cheklangan yoshlarni qo'llab-quvvatlash, startap loyihalari va o'z ustida ishlashlariga munosib shart-sharoit yaratish hamda amaliyotga joriy etish ishlarini muvofiqlashtirish, iqtidorli yoshlar to'g'risidagi ma'lumotlar bazasini shakllantirish va ular bilan tizimli ishlash mexanizmlarini joriy etish, o'quvchilarni xalqaro fan olimpiadalari va tanlovlarga samarali hamda intensiv tarzda tayyorlash belgilandi.
Shuningdek, oromgoh bazasida Agentlik tizimidagi rahbar va pedagog kadrlarning qisqa muddatli malaka oshirish kurslari, metodologik amaliyoti, xalqaro ekspertlar ishtirokida mahorat darslarini, mahalliy va xalqaro festivallar, anjumanlar, seminar, konferentsiya, forumlar va boshqa tadbirlar o'tkazishni tashkil etish, agentlik tomonidan belgilangan o'quv dasturlari asosida dars va darsdan tashqari mashg'ulotlar, individual ishlash dasturlarini shakllantirish hamda takomillashtirish, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilm-fan yutuqlarini tijoratlashtirish hamda oliy ta'lim va kasbga yo'naltirish bo'yicha etakchi mutaxassislarni jalb etgan holda mahorat darslarini tashkil etish ko'zda tutilmoqda.
Oromgoh yil davomida faoliyat yuritadi, unda iqtidorli bolalar dam oladi va o'qitiladi.