Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yil 3-fevral kuni Namangan viloyatiga tashrifi chog'ida Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi “Yangi O'zbekiston – yoshlar ziyo maskani” axborot-kutubxonasida ham bo'lib, bir guruh faol yoshlar bilan samimiy muloqot qildi. “Namangan buyuk allomalar, usta tadbirkorlar yurti. Bugun ham yoshlar iqtisodiyot, san'at, sport sohalarida katta yutuqlarga erishmoqda”, deya ta'kidladi Prezident.

Chust tumanining Olmos qishlog'idanman. 2022-yili Prezidentimiz tashabbusi bilan uyushtirilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi “Yoshlar ovozi” Bo'zatov festivalida estrada xonandaligi yo'nalishida respublikada 2-o'rinni egalladim va ancha miqdorda pul mukofoti topshirishdi. Quvonchlisi, o'tgan yil 30-iyun – Yoshlar kunida “Mard o'g'lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandim. Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san'ati instituti magistratura bo'limiga davlat granti asosida imtiyozli qabul qilindim. 2019-yildan buyon Xalqaro gullar festivali madhiyasining an'anaviy ijrosiman.

Davlatimiz rahbari bilan suhbat vaqti tig'iz kechdi. Taklifimni bildirishga fursat yetmadi. Shunga qaramay, “Qolgan takliflaringizni yozib jo'natinglar, Yoshlar ishlari agentligi rahbari menga olib kiradi. Ijrosini viloyatingiz hokimi albatta bajaradi, xotirjam bo'linglar”, dedi. Shunga muvofiq, gazeta sayti orqali ham ikki taklifimni yo'llamoqchiman. Ma'lumki, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning sport yo'nalishi bo'yicha g'oliblari ham o'zlari rag'batlantiriladi, ham mahallalariga 21 turdagi sport maydonchalari qurib berilyapti. Ochig'i, ularga havasim keldi. Bunday imkoniyat qolgan soha vakillariga ham qo'llanilsa, ya'ni san'at va madaniyat yo'nalishi g'oliblariga ovoz yozish studiyasi, kitobxonlikka mahallalarda kutubxonalar, ITchilarga esa, agar u kibersport bo'lsa, “Geym klub”lar tashkil etilsa, tengdoshlarimizga, uka-singillarimiz uchun ayni muddao.

Ikkinchi taklifim, Farg'ona vodiysida madaniyat va san'at sohasidagi iste'dodli yoshlarning safi yil sayin ko'payib borayotgani va 2026-yilgacha Namanganda oliy o'quv yurtlari sonini 10 taga yetkazilishi munosabati bilan o'zim o'qigan sobiq Namangan san'at kollejiga Namangan san'at va madaniyat instituti maqomi berilsa, Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 20-dekabrdagi Murojaatnomasidagi “Namangan ham sanoat, tadbirkorlik, ta'lim, madaniyat sohalarida mintaqaviy markaz sifatida o'z o'rnini topmoqda”, degan iftixorli e'tirofiga munosib javob va yarashiqli harakat bo'lardi.

Komron MAMADALIYEV,

“Mard o'g'lon” davlat mukofoti sohibi,

Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san'ati

instituti magistranti