Davlatimiz rahbarining Andijon viloyatiga tashrifi chog'ida Izboskan tumanidagi Urganji mahallasi vakillari bilan uchrashuvida, viloyat faollari bilan o'tkazgan yig'ilishida ishtirok etishga musharraf bo'ldim.

Andijonda tug'ilib o'sgan oddiy ayolman. 15 yil moliya sohasida mehnat qildim. So'nggi yillarda mamlakatimizda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlarni ko'rib, men ham ana shu imkoniyatlardan foydalanishga qaror qildim. 2020-yil koroonavirus pandemiyasi paytida xonadonimizda 4 ming bosh qora zotdor tovuqni parvarishlashni boshladim. To'g'risi, ishga kirishganimizda parranda boqish uchun etarli sharoitimiz yo'q edi, hatto mehmonxonamizdan ham foydalaniga to'g'ri keldi. Uy sharoitida ularning sonini hozirgi kungacha 20 mingtadan dan oshirishga erishdik. 

Aslida xalqimiz “yetti xazinaning biri” deb bilgan parrandani parvarishlash koni foyda. Axir tovug'i bor xonadonda go'sht, tuxum muammosi bo'lmaydi. Aksincha, ehtiyojdan ortig'ini sotib, daromad ham topish mumkin. Parhez mahsulot tanovul qilgan kishining salomatligi ham mustahkamlanib boraveradi.

Mutaxassislarning aytishicha, bitta tovuq yiliga 250 — 300 tagacha tuxum qo'yadi. O'rtacha 275 ta tuxum olingan taqdirda, uning har birini 750 so'mdan sotsangiz, 206 ming 250 so'm bo'ladi. Demak, 50 ta tovuq parvarishlagan xonadon yiliga 10 million 312 ming so'm atrofida daromad qiladi.

Izboskan tumani Urganji mahalla fuqarolar yig'ini raisi Nafosatxon opa faoliyatimdan xabar topib, meni Qo'rg'ontepaga izlab keldi. Ishimni mahalladagi xotin-qizlarga ham o'rgatishimni so'radi. “Opajon, men sizning tajribangizni o'rganmoqchiman. Uni Urganji mahallasida qo'llamoqchiman. Qo'rg'ontepa ayollari qilgan ishni nega Urganchi ayollari qila olmaydimi?”, deganida xursand bo'lib, ularga yordam berishga kirishdim. Hozirgi kunda mahallada ayollarga parandachilik yo'nalishida maslahat berib kelyapman. Biz hozir hamkorlikda ishlayapmiz. 150 ta xonadonga 80-90 foiz tuxumga kirgan tovuqlarimdan 50 tadan tarqatdik. Ko'plari mahalla tomonidan subsidiya asosida berildi. Ayrim oilalarga yordam sifatida bepul topshirdim. Mahalladagi xotin-qizlar bundan juda mamnun.

Bu borada qilayotgan  mehnatlarimiz yurtboshimizga ma'qul keldi.  Suhbat chog'ida oddiy o'zbek ayoli o'z xonadonida shunday ishlarni amalga oshirayotgani  yana bir karra islohatlarning amaliyligini ko'rsatadi, deganlarida ezgu ishga hissa qo'shayotganimizdan nihoyatda quvondim.

Kecha Andijon shahrida bo'lib o'tgan faollar yig'ilishida Prezidentimizning o'zlari menga “Mehnat shuhrati” ordenini toshirdi. Kamtarin ishlarimizning shunchalik yuksak baholanishi yurtimizda ayollarga bo'lgan izzat-ehtiromni, ular mehnatining nechog'liq e'zozlanishini amalda  namoyon etdi. Bu, o'z navbatida, yanada samarali ishlashga bo'lgan intilish, g'ayratimizni yanada oshiradi.

Ayni paytda “Qo'shtepa” mahalla guzarida tikuvchilik korxonasi quryapmiz. Unda ishsiz 50 nafar xotin-qizni takuvchilikka jalb qilib, doimiy daromad bilan ta'minlashni maqsad qilganmiz.

Uyimizda hatto,  yashaydigan xonalarda ham parranda boqayotganimizni ko'rgan viloyatimiz hokimi shart-sharoit yaratish maqsadida Xonobod shahri yonidan 1 gektar yer ajratilishga ko'mak bergandi.  Bu yer  aholi yashash joyidan sal narida bo'lgani bois, bizga ham juda ma'qul keldi.

Prezidentimiz tomonidan mazkur loyihani amalga oshirish uchun  “Mikrokreditbank”ga 5 milliard so'm miqdorida foizsiz kredit ajratish bo'yicha topshiriq bergani juda katta moliyaviy ko'mak bo'ladi. Bu ishonchni amaliy ishlar bilan,  albatta, oqlaymiz. Tez orada parrandachilik korxonasini barpo etib, yana kamida 100 ta ish o'rni yaratamiz. Unda iqlim sharoitimizga moslashgan zotdor va mahsuldor qora tovuqlarni parvarishlaymiz.

Parranda uchun zarur bo'lgan yem-ozuqalarni  ham shu yerda yetishtirishni, uni qayta ishlovchi zamonaviy texnologiyalarni xorijdan keltirishni maqsad qilganmiz.  

Umida USMONOVA,

tadbirkor, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi