Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisovaning qoraqalpogʻistonlik saylovchilar bilan uchrashuvi boshlandi

    Saylov 12 Oktabr 2021 1413

    Nukus shahrida Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisovaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashuvi boshlandi.

    Prezidentlikka nomzod mamlakatimizda kechayotgan demokratik islohotlar, bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlari haqida Qoraqalpogʻiston hududi misolida gapirdi va oʻzining saylovoldi dasturi gʻoyalari xususida toʻxtalib oʻtdi.

    Saylovoldi dasturidagi asosiy jihat ijtimoiy tenglik va xalq demokratiyasi mezonlariga mos keladigan davlat va jamiyat barpo etish Xalq demokratik partiyasining bosh maqsadi hisoblanadi. Bu maqsad birinchi navbatda aholi keng qatlamlari farovonligini taʼminlashni nazarda tutadi. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining oʻziga xos hududiy imkoniyatidan kelib chiqqan holda rivojlantirish, buning ortidan fuqarolar manfaati yoʻlida bir qator masalalarni hal etish borasidagi takliflar bildirildi.

    Misol uchun, nomzod tomonidan bu borada qishloq tumanlariga sanoatni olib kirish masala ilgari surildi. Bu tashabbusning eʼtiborli jihati shundaki, qishloqlarga sanoat korxonalari kirib kelsa, ishsizlik kamayadi, mahalliy aholi doimiy daromad manbaiga ega boʻladi, ayniqsa, yoshlar bandligini taʼminlash orqali jinoyatchilikning kamayishiga erishiladi, koʻplab ijtimoiy masalalar bartaraf etiladi.