Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 7-iyundan boshlanadi

    Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar asosida 9 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining 39 vakili akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

    5-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda MSK aʼzolari, siyosiy partiyalar vakillari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari aʼzolari ishtirok etdi. Majlis kun tartibidan siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni roʻyxatga olish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalalar oʻrin oldi.

    Taʼkidlash joizki, joriy yil 31-may kuni Markaziy saylov komissiyasiga Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi, 1-iyun kuni Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodlarni roʻyxatga olishni soʻrab murojaat qildi va nomzodlarni qoʻllab-quvvatlovchi imzo varaqalarini taqdim etdi.

    Markaziy saylov komissiyasining ekspert guruhlari joriy yil 31-may – 2-iyun kunlari yuqorida qayd etilgan toʻrtta siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan nomzodlarni qoʻllab-quvvatlovchi imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganini saylov qonunchiligi talablariga qatʼiy amal qilgan holda tekshirdi. Tekshirish natijalariga koʻra, toʻrtta siyosiy partiya tomonidan toʻplangan imzo varaqalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodlarni roʻyxatga olish uchun yetarli miqdorda hamda qonunchilik talablariga mos ekani toʻgʻrisida xulosaga kelindi.

    Markaziy saylov komissiyasining ishchi guruhi ekspert guruhlari tomonidan taqdim etilgan xulosalarni inobatga olgan holda hamda siyosiy partiyalar takdim etgan hujjatlar qonunchilik talabiga toʻliq mos kelishi, belgilangan tartibda va muddatda murojaat qilinganidan kelib chiqib, siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni roʻyxatga olish yuzasidan oʻz xulosasini taqdim etgan. Unga muvofiq, majlisda Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan Ulugʻbek Ilyosovich Inoyatovni, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Anvarovna Maxmudovani hamda Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Xudoyqulovich Xamzayevni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilindi.

    Shuningdek, majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini oʻtkazish masalasi muhokama etildi va tegishli qaror qabul qilindi. Qaror bilan Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 2023-yil 7-iyundan boshlanishi qayd etildi. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining respublika va hududiy teleradiokanallarida bepul ajratiladigan efir hajmi va vaqti, “Yangi Oʻzbekiston”, “Pravda Vostoka”, “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo” kabi respublika gazetalarida hamda yigirma toʻrt nomdagi mahalliy gazetalarda bepul ajratiladigan nashr maydoni tasdiqlandi.

    Ommaviy axborot vositalari saylovoldi tashviqoti davrida bepul ajratiladigan efir vaqti va nashr maydoni doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti davrida chiqishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi. Yangiliklar dasturlarida va boshqa axborot materiallarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tadbirlarini yoritishda tenglik prinsipiga rioya etishi lozim.

    Majlisda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqildi. Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar asosida 9 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining 39 vakili akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

    Shu kuni Markaziy saylov komissiyasining matbuot markazida MSKning ushbu majlisi kun tartibidan oʻrin olgan masalalar boʻyicha matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Prezident saylovi kampaniyasi, Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti yuzasidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga Markaziy saylov komissiyasi raisi va aʼzolari tomonidan javob qaytarildi.

    Bahor Xidirova,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri