Yigʻilishda bildirilgan fikr va belgilangan vazifalar bir haqiqatni yanada oydinlashtirdi: bugun tinchlik eng qimmatbaho boylik boʻlib, u davlat barqarorligi va taraqqiyotini taʼminlovchi strategik resursga aylandi.

 Zamonaviy dunyoda tinchlikni saqlash endi faqat kuch ishlatish yoki harbiy qudratni na­moyish etish bilan cheklanmaydi. U oldindan oʻylangan, tizimli, intellektual yondashuvni talab qiladi. Shu maʼnoda, Prezidentimiz barcha soha va tarmoqlar xavf-xatarlarga ol­dindan javob qaytarishga qodir “proaktiv ish rejimi”ga oʻtishi shartligini alohida taʼkidladi. Bu fikr milliy xavfsizlik siyo­satida sifat jihatidan yangi bosqich boshlan­ganini anglatadi.

Proaktiv va reaktiv ish rejimlari oʻr­tasidagi farq bugun global beqarorlik, tez oʻzgaruvchan tahdidlar va asimmetrik xavflar sharoitida har qachongidan ham dolzarb aha­miyat kasb etmoqda. Reaktiv yondashuvda odat­da muammo yoki tahdid yuzaga kelgandan soʻng ishga tushib, vaziyatga shoshilinch moslashish, resurslarni favqulodda tarzda safarbar qilish, qisqa muddatli qarorlar qabul qi­lish talab etiladi. Bunday sharoitda inson omiliga bosim ortib, xatolik ehtimoli, mo­liyaviy xarajatlar, ijtimoiy va maʼnaviy yoʻqotishlar koʻpayishi muqarrar boʻladi. Eng muhimi, reaktiv yondashuv koʻp hollarda oqi­batlar bilan kurashishni anglatib, tahdid manbaiga chuqur yechim berish imkonini chek­lab qoʻyadi.

Proaktiv yondashuv esa mutlaqo boshqa strategik tafakkurga tayanadi. U xavf-xa­tarlarni oldindan ilgʻash, ularning ehtimo­liy rivojlanish yoʻllarini tahlil qilish, doimiy monitoring va prognoz asosida sse­nariylar ishlab chiqishni nazarda tutadi. Bunday yondashuvda profilaktika asosiy vo­sitaga aylanadi, yaʼni oldindan belgilangan harakat algoritmlari, rezerv resurslar, tayyor kadrlar va raqamli boshqaruv tizimlari orqali xavf hali yuzaga kelmasidan oldin uning taʼsiri cheklanadi. Natijada davlat va jamiyat tizimlari barqaror ishlaydi, xarajatlar optimallashadi, qaror qabul qi­lish jarayoni izchil va samarali kechadi.

Aynan shu maʼnoda, proaktiv ish rejimi nafaqat harbiy sohada, balki davlat boshqa­ruvi, iqtisodiyot, axborot xavfsizligi hamda jamiyat barqarorligi uchun ham eng toʻgʻri va zamonaviy yoʻl sifatida namoyon boʻlmoqda.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, zamona­viy urushlar tabiati soʻnggi yillarda tubdan oʻzgardi va bu jarayon ortga qaytmaydigan glo­bal tendensiyaga aylandi. Endi gʻalaba qaror qabul qilish tezligi, axborot ustunligi va texnologik afzallik bilan belgilanmoq­da. Raqamli boshqaruv tizimlari, sunʼiy intellektga asoslangan tahlil va prognoz, kiber va robot texnologiyalari, shuningdek, uzoq masofadan yuqori aniqlikda taʼsir koʻrsatish imkoniyatlari zamonaviy harbiy qudratning asosiy oʻlchoviga aylandi. Bun­day sharoitda kechikib qabul qilingan qaror hatto kuchli resurslarga ega davlat uchun ham jiddiy strategik yoʻqotishlarga olib keli­shi mumkin. Shu bois, sakkiz yil avval qabul qilingan Mudofaa doktrinasi va 1997-yilda tasdiqlangan Milliy xavfsizlik konsep­siyasini qayta koʻrib chiqish zarurati ochiq va qatʼiy tarzda qayd etildi. Bu yangilanish Oʻzbekistonning xavf-xatarlarni oldindan baholaydigan, profilaktikaga tayangan va strategik fikrga asoslangan mutlaqo yangi — proaktiv mudofaa siyosatiga oʻtishi demakdir.

Yangilanadigan doktrina Oʻzbekistonning tashqi siyosatdagi asosiy prinsipi — hech qaysi harbiy blokka qoʻshilmaslik tamoyi­lini qatʼiy saqlab qolgan holda ishlab chi­qilishi alohida taʼkidlandi. Bu yondashuv mamlakatning mustaqil davlat sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi, tashqi siyosat­da muvozanatni taʼminlaydi va mintaqada ishonch hamda barqarorlikni kuchaytiradi. Shu bilan birga, u mudofaa sohasida tashqi qaramlikka emas, balki oʻz imkoniyatlari, milliy ilmiy-texnik salohiyat va inson kapitaliga tayangan barqaror rivojlanish modelini anglatadi. Aynan shu nuqtayi nazar­dan, uchuvchisiz tizimlar, robotlashgan maj­mualar, yuqori aniqlikdagi qurol-aslaha, kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilma barqarorligi ustuvor vazifalar sifatida belgilab berildi. Bu ustuvorliklar Oʻzbe­kiston mudofaa siyosatida texnologiya va in­tellekt hal qiluvchi omilga aylanayotganini, armiya esa nafaqat jang maydonida, balki ax­borot va kibermakonda ham samarali harakat qila olishi kerakligiga ishora beradi.

Proaktiv armiya konsepsiyasida inson kapitali hal qiluvchi oʻrin tutadi. Chunki zamonaviy harbiy qudrat, avvalo, inson ta­fakkuri, bilimi va masʼuliyati bilan oʻlcha­nadi. “Askar — faqat jangchi emas, kelajak mutaxassisi” tamoyili aynan shu strategik qarashning amaliy ifodasidir. Bu yondashuv armiyani yopiq tizim emas, balki jamiyat ta­raqqiyoti bilan uzviy bogʻliq boʻlgan ijti­moiy institut sifatida koʻradi. Shu bois, yigʻilishda muddatli harbiy xizmatga faqat harbiy tayyorgarlik bosqichi sifatida emas, balki yoshlarni mustaqil hayotga, mehnat bo­zoriga va faol fuqarolik pozitsiyasiga tayyor­laydigan hayotiy maktab sifatida yondashish vazifasi qoʻyildi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “muddatli harbiy xizmatni oʻtash — yoshlar uchun muvaffaqiyat yoʻli”ga aylanishi lozim.

Ana shu gʻoyaning mantiqiy davomi si­fatida harbiy qismlar ixtisosidan kelib chiqqan holda, 3-6 oylik kasbga tayyorlash dasturlarini joriy etish, malaka imti­honlari va sertifikatlar berish tizimini shakllantirish rejalashtirildi. Bu nafaqat xizmat davrida askarning qobiliyatini ri­vojlantiradi, balki uni xizmatdan keyin ham iqtidorli kadr sifatida jamiyatga qay­tarishni koʻzlaydi. Ayniqsa, har yili 5 ming askarni raqamli yoʻnalishlarda tayyorlash tashabbusi armiya bilan iqtisodiyot oʻrtasida strategik koʻprik vazifasini bajaradi. Bu yondashuv milliy xavfsizlikni faqat qurol- aslaha bilan emas, balki bilim, intellekt va texnologiya bilan taʼminlash mumkinligini amalda isbotlaydi.

Inson kapitaliga bunday yondashuv Prezidentimizning bayram tabrigida ham chuqur maʼnaviy mazmun bilan davom etdi. Va­tan himoyasi yoʻlida halok boʻlgan qahramon­lar xotirasiga bildirilgan yuksak ehtirom, ularni tarbiyalagan ota-onalar va oilalariga izhor etilgan minnatdorlik armiya bilan xalq oʻrtasidagi maʼnaviy birlikni yanada mustah­kamladi. Bu birlik “Xalq va armiya — bir tanu bir jon” degan umummilliy gʻoyada oʻz ifoda­sini topmoqda. Chunki xalq ishonchiga tayangan armiyagina haqiqiy kuchga aylanadi. Dunyoda kechayotgan harbiy-siyosiy vaziyat, ayrim davlat­larda yuz bergan voqealar bu gʻoyaning naqadar dolzarbligini amalda namoyon etdi.

Maʼnaviy birlik ijtimoiy adolat va gʻamxoʻrlik bilan mustahkamlanmasa, u bar­qaror boʻla olmaydi. Shu nuqtayi nazardan, yigʻilishda harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha aniq va manzilli cho­ralar eʼlon qilindi. Ofitserlar uchun koʻp yillik xizmat ustamasining 100 foiz oshi­rilishi, kontrakt asosida xizmat qilayotgan askar va serjantlar oyligining koʻpaytiri­lishi, harbiy boʻlmagan xodimlar maoshining bosqichma-bosqich oshirib borilishi hamda uzoq yil xizmat qilgan harbiylar uchun pen­siya hisoblash bazasining kengaytirilishi armiyani faqat “qudrat timsoli” emas, balki harbiyning oilasi, kelajagi va shaʼni qadrlanadigan ijtimoiy ins­titut sifatida shakllantirishga qara­tilgan.

Harbiy taʼlim va kadrlar tayyor­lash tizimini tubdan moderniza­siyalash proaktiv mudofaa siyosa­tining eng muhim va hal qiluvchi yoʻnalishi sifatida belgilan­moqda. Chunki zamonaviy urush va xavfsizlikni saqlash muhitida texnologiyaning oʻzi yetarli emas, uni toʻgʻri anglaydigan, boshqara oladigan, strategik fikrlay­digan inson boʻlmasa, eng ilgʻor qurol ham kutilgan natijani bermaydi. Shu maʼnoda, yangicha harbiy taʼlim tizimi tahdidni oldindan koʻra oladigan, qaror qabul qilishda tashabbuskor, va­ziyatni kompleks baholaydigan yangi avlod harbiy kadrlarini shakllantirishga xizmat qilishi kerak. Bu esa taʼlim mazmuni, us­lubi va maqsadini tubdan qayta koʻ­rib chiqishni taqozo etadi.

Proaktiv mudofaa siyosati aynan shu yerda oʻzining chuqur falsafiy va amaliy mazmunini namoyon qiladi. U faqat jangga emas, balki tinchlikni saq­lashga tayyorlikdir, u faqat tahdidga javob berish emas, balki tahdid paydo boʻlishidan oldin uni bartaraf etishga qaratilgan davlat tafakkuridir. Bunday yondashuvda armiya dav­lat barqarorligining intellektual va maʼ­naviy tayanchiga aylanadi. Inson kapitali, harbiy taʼlim, ijtimoiy himoya, maʼnaviy tarbiya va texnologik ustunlikka bir-birini toʻldiruvchi yagona tizim sifatida qaraladi.

Shu nuqtayi nazardan, muddatli harbiy xizmatni yoshlar uchun “hayot maktabi”ga ay­lantirish, raqamli va kasbiy koʻnikmalarni shakllantirish, harbiy xizmatchilarning ij­timoiy himoyasini mustahkamlash ham taso­difiy qarorlar emas. Bu choralar proaktiv mudofaa siyosatining insonga qaratilgan strategik yoʻnalishini ifoda etadi. Proak­tiv mudofaa siyosati ayni paytda Oʻzbekis­tonning tashqi siyosatdagi muvozanatli yoʻ­lini ham mustahkamlaydi. Hech qaysi harbiy blokka qoʻshilmaslik tamoyili, mintaqaviy barqarorlikka intilish va koʻp tomonlama diplomatiya bilan uygʻun holda bu siyosat mamlakatning mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatini saqlab qolishga xizmat qiladi. Demak, proaktiv yondashuv nafaqat harbiy sohada, balki davlatchilik tafakkurida ham yangi sifat bosqichini anglatadi.

Proaktiv mudofaa siyosati tinchlikni saqlashga qaratilgan milliy strategiyadir. U kuchga emas, aqlga, qoʻrquvga emas, oldindan tayyorgarlikka, tasodifga emas, reja va ti­zimga tayanadi. Xalq va armiya bir tanu bir jon boʻlib harakat qilishni boshlagan sha­roitda yangi Oʻzbekistonning tinchligi, shaʼ­ni va istiqboli ishonchli qoʻllarda boʻladi.

Olimjon OʻSAROV,

mudofaa vazirining vatanparvarlik targʻiboti,

maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va yoshlar masalalari

boʻyicha maslahatchisi