Shu kabi kamchiliklar oliy taʼlimda ham mavjud. Masalan, bakalavriatda oʻnlab yoʻnalishlar mehnat bozori talablariga javob bermaydi.

Koʻp oliygohlar kredit-modulga oʻtdi, lekin talabaning qobiliyatini yuzaga chiqaradigan tizim yaratish zarur.

Joriy yilda 122 ta yangi yirik loyihalar boshlanadi. Bu – yaqin yillarda murakkab texnologiyada ishlay oladigan 10 ming muhandis va texnologlar kerak, degani.

Lekin, oliygohlarda bunday mutaxassislarni tayyorlash 20 foizdan oshmayapti.

Bu borada “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatini ham faollashtirish lozim. Xorijga ketgan talabalarning bor-yoʻgʻi 9 foizi muhandislik yoki texnologiyalar yoʻnalishida ekani qayd etildi.

Oʻtgan yili Davlat test markazi Bilim va malakalarni baholash agentligi sifatida qayta tashkil etildi. Lekin, agentlik haligacha abituriyentlarni imtihon qilish bilan cheklanmoqda.

Shu bois, professional va oliy taʼlimda kasbiy koʻnikmalarni belgilash va ularni baholash boʻyicha yangi tizim joriy qilinadi.

Umuman, ish beruvchilarda katta ehtiyoj, talabalarda salohiyat va xohish bor. Shuning uchun kollej-texnikumlar va oliygohlarni ish beruvchilar bilan uzviy bogʻlaydigan tizim yaratiladi.

Endilikda Loyiha ofisi rahbari bir vaqtning oʻzida Kasbiy bilim va malakalarni rivojlantirish respublika kengashiga rahbar boʻladi. Bandlik vazirligi tizimidagi Mehnat tadqiqotlari instituti ham Loyiha ofisiga biriktiriladi.

Ular Oliy taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2024-yilda oʻzimizda zamonaviy konstruktor, texnolog, arxitektor, muhandis, energetik kabi ehtiyoj yuqori kasblar boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydigan muhit olib kirishga masʼul boʻladi.