Qonun fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish hamda ayrim toifadagi maʼmuriy huquqbuzarliklarga nisbatan qoʻllaniladigan jarima miqdorlarini koʻrib chiqishga qaratilgan.
Hujjat bilan profilaktika (katta) inspektorlari fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilinishini kuchaytirish, ularga biriktirilgan hududda jinoyatlar sonini kamaytirish, ularning oldini olish va bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirishi uchun vakolatlari kengaytirilmoqda. Hujjat “Maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha yarashuv instituti”ni joriy etish orqali maʼmuriy ish ishtirokchilarining yarashilganligi munosabati bilan maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish boʻyicha yangi normalar bilan toʻldirilmoqda.
Bundan tashqari, bojxona qonunchiligini buzish bilan bogʻliq boʻlgan ayrim maʼmuriy huquqbuzarliklarni Davlat bojxona qoʻmitasida mavjud avtomatlashtirilgan axborot tizimlari yordamida qayd qilish, inson omilini kamaytirish va huquqbuzarlik holatlarini soddalashtirilgan holda koʻrib chiqish tartibi joriy etilib, ular bilan bogʻliq Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 2 ta modda bilan toʻldirilmoqda hamda uning 9 ta moddasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Maʼmuriy huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish vakolati alternativ organ sifatida profilaktika (katta) inspektorlariga berilishi natijasida huquqbuzarlik sodir etilgan joydan uzoq masofada joylashgan boshqa vakolatli organlar yoki sudlarga borishini istisno etgan holda fuqarolarning ortiqcha xarajat qilishi va sarson boʻlishining oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun tez taʼsirchan choralar koʻrilishi natijasida fuqarolarga qoʻshimcha ovoragarchilik va noqulayliklar tugʻilishi hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ortiqcha qogʻozbozlikka chek qoʻyish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarga qonunga hurmat va qonun buzilishining har qanday koʻrinishiga murosasizlik munosabatini singdirishga erishiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati