Qonunga “maʼlumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy ravishda rozilik berish”, “psixiatriya yordami”, “ruhiy holatning buzilishi” va boshqa bir qator asosiy tushunchalar kiritildi.

Mazkur Qonun bilan ruhiy holati buzilgan shaxslarning huquqlari kengaytirildi.

Xususan, ular oʻzida mavjud boʻlgan ruhiy holati buzilishining xususiyati va qoʻllanilayotgan davolash usullari haqidagi axborotni oʻzi uchun tushunarli shaklda, oʻz vaqtida hamda toʻliq olish, shuningdek statsionar sharoitlarda psixiatriya yordami koʻrsatadigan tibbiyot muassasasida faqat psixiatriya yordami koʻrsatish uchun zarur boʻlgan muddat mobaynida boʻlish huquqiga ega.

Qonunga koʻra, psixiatriya tekshiruvidan oʻtkazish tekshirilayotgan shaxsda ruhiy holati buzilishining mavjudligini, psixiatriya yordami koʻrsatishga boʻlgan zaruriyatni aniqlash, shuningdek bunday yordam turi haqidagi masalani hal qilish uchun amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, psixiatriya yordami koʻrsatish boʻyicha faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega shaxslar doirasi aniq belgilab qoʻyildi.

Unga koʻra, maxsus oliy tibbiy maʼlumotga ega tibbiyot xodimlari (shifokor-psixiatr, tibbiy psixolog va psixoterapevt) psixiatriya yordami koʻrsatish boʻyicha shifokorlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga ega.

Qonun bilan dispanser kuzatuvida turgan ruhiy holati buzilgan shaxslarning yagona elektron reyestri yuritilishi belgilandi.