Bu kabi raqamlar, oʻz navbatida, soʻngi paytda iqtisodiyotda raqobat muhitini taʼminlash va isteʼmolchilar huquqini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlardan dalolat beradi. Shu oʻrinda Prezidentimizning 2020-yil 28-may kuni oʻtkazilgan yigʻilishdagi ushbu soʻzlari yodga keladi:
— Raqobat boʻlmasa, sifat boʻlmaydi, narx tushmaydi. Zamon oʻzgaryapti, lekin monopol korxonalar oʻzgara olmayapti. Qatʼiy choralar koʻrish vaqti-soati keldi. Iqtisodiyotda bu hayot-mamotimiz...
Shunday ekan, oʻtgan vaqt mobaynida masʼul idoralar oʻz zimmalaridagi ishlarni rivojlantirish, monopoliyaga qarshi kurashish yuzasidan qatʼiy choralar koʻrish, mutlaqo yangi tizim yaratish, umuman barcha sohada shiddat bilan oʻzgarayotgan davrda raqobatga tayyor boʻlish yuzasidan yuklatilgan vazifalarni qanday bajaryapti? Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, davlat xarid narxlarining shaffofligi va xolisligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar amalda qanday natijalar beryapti?
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Shohruh SHORAHMETOV bilan suhbatimizning asosiy mazmunini shu kabi savollarga javoblar belgiladi.
— “Raqobat” soʻzining talqini koʻp qirrali. U oldinga intiltiruvchi kuch, bozordagi ishlar va xizmatlarning sifatiga hamda narxiga bevosita taʼsir koʻrsatuvchi tizim hisoblanib, raqobatga zid xatti-harakatlar nafaqat mamlakat iqtisodiyotiga zarar yetkazadi, balki isteʼmolchilar huquqlarining ham poymol boʻlishiga olib keladi.
Demak, raqobat muhitini taʼminlash qonun ustuvorligi bilan chambarchas bogʻliq. Shundan kelib chiqilganda, mamlakatimizda monopoliyaga qarshi kurashish tizimi faoliyatining huquqiy asoslari bugungi kun talablariga nechogʻlik javob beradi?
—Haqiqatan, iqtisodiyotni rivojlantirishda samarali raqobat muhitini yaratish — davlatning eng ustuvor vazifalardan biri. Bu maqsadga erishish uchun tovar va moliya bozorlarida monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish, iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish, imtiyoz va preferensiyalar berish tizimi samaradorligini oshirish, narxni ortiqcha tartibga solishdan voz kechishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni, ular esa, oʻz navbatida, puxta ishlangan huquqiy asoslarni talab etadi.
Prezidentimizning 2019-yil 14-yanvardagi “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasini alohida davlat tashkiloti sifatida ajratish maqsadga muvofiq deb topildi hamda 2020-yil 6-iyuldagi “Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, qoʻmita Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Prezidentga hisobdor qilib belgilandi.
Qoʻmita tomonidan yangi tizimning huquqiy asoslarini mustahkamlashga, qabul qilingan hujjatlar raqobat muhitini rivojlantirishga xizmat qilishiga alohida eʼtibor qaratib kelinyapti. Keyingi paytda 42 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqildi. Misol uchun Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-martdagi qarori bilan 2021-2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi tasdiqlandi va uning asosiy yoʻnalishlari etib davlat ishtirokidagi korxonalar, shu jumladan, DUKlarning asoslantirmasdan tashkil etilishiga, yoʻl qoʻymaslik hamda raqobat rivojlangan sohalarda davlat ishtirokini cheklash, “sot yoki tushuntir” tamoyilini joriy etish belgilandi.
Bu va boshqa hujjatlarning ijrosini taʼminlash doirasida soʻnggi ikki yilda DUKlar soni 22 foizga, davlat ulushi mavjud MCHJlar soni 23 foizga, jami davlat ishtirokidagi korxonalar esa 35 foizga qisqardi.
— Prezidentimiz 2022-yil 8-aprel kuni “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzolagan edi. Unda qoʻmita zimmasiga yana qanday yangi vazifalar yuklatildi?
— Farmonda iqtisodiyotda tovar va moliya bozorlaridagi raqobatni yanada rivojlantirish hamda monopoliyaga qarshi kurashni huquqiy jihatdan tartibga solishni takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, moliyaviy jarimalarning aniq miqdorlari va ularni qoʻllash tartibini nazarda tutuvchi yangi tahrirdagi “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Bunda, raqobatga qarshi harakatlarning boshqa turlari uchun javobgarlik ham nazarda tutilyapti. Yaʼni, 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan xomashyo, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi va realizatsiya qilinishiga noqonuniy toʻsiqlar qoʻygani, litsenziyalash, roʻyxatga olish, akkreditatsiyadan oʻtkazish va ruxsat berish vakolati berilgan davlat korxonalari va yuridik shahslar tomonidan raqobatni cheklaydigan qarorlar qabul qilgani, monopoliyaga qarshi organ talabiga koʻra, zarur hujjat va axborotlar, notoʻgʻri yoki yolgʻon maʼlumotlar taqdim etgani uchun maʼmuriy javobgarlik kuchaytiriladi.
Bundan tashqari, 13 ta faoliyat turi boʻyicha xususiy sektorni keng jalb qilish hamda eksklyuziv huquqlarni bekor qilish orqali mavjud monopoliyalarni bartaraf etish choralari koʻriladi. Iqtisodiyotda raqobat muhiti holatini baholash tizimini tatbiq etish maqsadida Raqobat rivojlanishi indeksini joriy etiladi. Qoʻmita huzurida Raqobat siyosati va tabiiy monopoliyalar muammolari boʻyicha tadqiqotlar markazi tashkil etiladi.
— Keyingi paytda monopoliyaga qarshi kompleans tizimini joriy etilishga va normativ-huquqiy hujjatlarni “tartibga solish gilyotinasi” tamoilini qoʻllashga alohida eʼtibor qaratilyapti. Bu amalda qanday samara beryapti?
— Avvalo, ushbu raqamlarga eʼtibor qaratmoqchiman. Oʻtgan yil boshida davlat ishtirokidagi korxonalar soni ikki yarim mingdan ortiqni (2541 ta) tashkil etgan, ularning qariyb yarmi (1210 ta ) unitar korxona shaklida faoliyat yuritgan. Bu mamlakatimiz iqtisodiyotida davlatning ishtiroki yuqoriligicha qolayotgaanini va 55 foizga tengligini koʻrsatadi. Holbuki, ushbu koʻrsatkich Janubiy Koreyada — 22 foizni, Germaniyada — 18, AQSHda — 11 va Yaponiyada — 5 foizni tashkil etadi.
Ayni paytda mamlakatimizda ham bu borada qatʼiy reja ishlab chiqilgan. Davlat ishtirokidagi korxonalar sonini 2025-yilga borib 75 foizga qisqarishi moʻljallangan. Shu bois bu maqsadga erishishda zamonaviy timzimlarni qoʻllashga katta eʼtibor qaratilyapti.
Monopoliyaga qarshi komplayens — faoliyatning raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini taʼminlash, huquqbuzarliklar xavfini aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan ichki tashkiliy chora-tadbirlar va taomillar tizimi hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-martdagi “Monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan bu tamoilni joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom va “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Unga muvofiq,
monopol korxonalarning kamida 80 foizida ushbu tizimini joriy qilish nazarda tutilgan. Bugungi kunda 79 ta, shundan 10 ta davlat ishtirokidagi korxonada, 33 ta monopol, 14 ta mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi va 22 ta davlat boshqaruvi idorasida monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etildi.
Hukumat qarorida barcha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishida ularning raqobat muhitiga taʼsirini baholash majburiy oʻtkazilishi belgilab qoʻyildi. Qoʻmita tomonidan 820 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari raqobatga taʼsiri baholangan, shundan qariyb 70 foizida raqobatga zid normalar mavjudligi aniqlangan. Bundan tashqari, davlat organlari va mahalliy hokimlik organlarining 1,5 mingta raqobatga zid qarorlari bekor qilindi.
2021-yil 1-yanvardan buyon 1000 ga yaqin belgilangan byurokratik jarayonlar qisqartirildi. Xususan, 68 ta litsenziyalanadigan faoliyat va 34 ta ruxsatnomalar bekor qilindi hamda tartibga solishning muqobil usuliga oʻtkazildi. Natijada, tadbirkorlik subyektlarining yiliga qariyb 125 milliard soʻm mablagʻi iqtisod qilinib, oʻz ixtiyorida qoladigan boʻldi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarga egalik qilish mezonlarini (tabiiy monopoliya, strategik manfaat sohasida faoliyat yuritadigan va boshqalar) belgilash, har yili ulardan kelib chiqib, “sot yoki tushuntir” tamoyili, yaʼni agar maʼlum bir korxonani davlatda ushlab turishning zarurati asoslab berilmasa, uni sotishga majbur boʻladigan yangi amaliyot joriy etilyapti.
— Maʼlumki, bundan ikki yil oldin qabul qilingan 2020-2024-yillarda tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish strategiyasida tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, raqobatga zid haraktlarni bartaraf etish vazifalari belgilab berilgan edi. Uning amaliy natijalari qaysi sohalarda koʻzga tashlanmoqda?
— Mazkur strategiyada koʻrilayotgan choralar tufayli mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan koʻplab oziq-ovqat (alkogolsiz ichimliklar, sharbatlar, non, non mahsulotlari, goʻsht va sut mahsulotlari, qandolatchilik mahsulotlari va boshqalar) hamda ayrim nooziq-ovqat tovarlar (mebel, gilam va gilam mahsulotlari, toʻqimachilik va boshqalar) bozorlarida raqobatning rivojlanishini taʼminlab, qurilish materiallari, kabel va sim mahsulotlari, pul oʻtkazmalari xizmatlari sohasida yirik kompaniyalarning monopoliyasi tugatilganligi qayd etilgan.
Bu yoʻnalishlarda olib borilgan ishlar qator sohalarda raqobat muhiti yuzaga kelayoganini koʻrsatmoqda. 250 dan ortiq tovar va moliya bozorlari hamda Toshkent, Jizzax, Andijon, Namangan, Fargʻona va Qashqadaryo viloyatlarida raqobat muhiti holati diagnostikasi amalga oshirildi. Natijada 17 ta tovar va xizmatlar bozorlariga kirishni erkinlashtirish hisobiga yetarli raqobat shakllandi va monopoliya holatidan chiqarildi, monopol tashkilotlar soni 20 foizga (2017-yilga nisbatan) kamaydi.
Bir qator tovar bozorlarida tadbirkorlarga kirish imkoniyati yengillashtirildi. Jumladan, metall mahsulotlar ishlab chiqarish bozorida induksion pechlardan foydalanishga qoʻyilgan cheklovlar bekor qilindi, bu esa bevosita 50 ta tadbirkorga ishlab chiqarishni tiklashga imkon yaratdi.
Temir yoʻl vokzallari binolarida xususiy sektor vakillariga xizmat koʻrsatish uchun sharoit yaratildi. Oldingi davrda tadbirkorlarga xizmat koʻrsatish nuqtalarini tashkil qilish taqiqlangan edi. Aviatashish bozorida “ochiq osmon” rejimi joriy qilinishi va parvozlarga slot ajratilishidagi sunʼiy toʻsiqlarni bartaraf etishga imkon berdi.
Monopoliyalar va bozor ishtirokchilarning raqobatga zid harakatlarini bartaraf etishga qaratilgan ishlar doirasida ular tomonidan 5,8 mingdan ortiq suisteʼmolga yoʻl qoʻilgani aniqlanib, 140 mingdan ziyod tadbirkor va isteʼmolchining 260 milliard soʻmi qaytarildi yoki keyingi uch yilda ishbilarmonlarning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilinishi 4 baravarga oshdi. Masalan, ichki bozorda paxta yogʻi 34 ta texnik chigit yetkazib beruvchi oʻrtasida narxlarni sunʼiy ravishda koʻtarish maqsadidagi kelishuvlari aniqlandi va bartaraf etildi. Natijada chigit narxini 31 foizga pasaytirilishiga erishildi.
Shu oʻrinda qoʻmita tomonidan 9,8 milliondan ortiq isteʼmolchilarning 572 milliard soʻmlik manfaatlariining tabiiy monopoliyalar tomonidan buzilishi holatlari oldi olinganini ham qayd etib oʻtish joiz boʻladi.
— Davlat xaridlari doirasidagi savdolar, shuningdek, tovar-xom-ashyo birjalari savdolarida shaffoflik va teng raqobat sharoitlari qanday taʼminlanyapti?
— Davlat xaridi tovar, ish, xizmatlarni davlat buyurtmachilari tomonidan pul toʻlash asosida amalga oshiriladi. Keyingi paytda uning doirasida oʻtkazilgan tender (tanlov) savdolarida 9 mingta raqobatni cheklovchi omillarning oldi olindi va 2,5 trillion soʻm byudjet hamda korporativ mablagʻlarini iqtisod qilishga imkoniyat yaratildi. 10 ta soha va tarmoqlarda, jumladan, xalq taʼlimi, maktabgacha taʼlim, avtomobil yoʻllari, kimyo sanoati, gaz taʼminoti, sport, sogʻliqni saqlash, milliy gvardiya, madaniyat, innovatsion rivojlanish sohalarida davlat xaridlari samaradorligi oʻrganildi. Tashkil etilgan xarid.uz veb-portalida, gʻolib tashkilotning taʼsischisi va benifitsiarlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tahlili yoʻlga qoʻyildi.
Shu bilan birga, davlat xaridlarini shaffofligi taʼminlash hamda manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish maqsadida affillangan shaxslarni aniqlashga xizmat qiluvchi demoreport.uzex.uz elektron tizimi joriy qilindi.
Prezidentimiz va Vazirlar Mahkamasining oʻtgan ynli qabul qilingan tovar-xomashyo birjalari savdolari tartibga solishni takomillashtirish va uni rivojlantirishga qaratilgan qarorlariga binoan, yuqori likvidli va monopol mahsulotlar soni kengaytirildi. Birja savdolarida forvard va fyuchers shartnomalari joriy etildi, OʻzRTXBda Elektron logistika savdo portali ishga tushirildi.
Soʻngi 2 yilda birjalar orqali sotilishi taʼminlangan yuqori likvidli va monopol mahsulotlar soni 27 tadan 45 taga yetkazildi (yoki jami savdolarining 87 foizi), natijada tadbirkorlarga qoʻshimcha 140,7 trillion soʻmlik mahsulotlarni sotib olish imkoniyati yaratildi.
Mineral oʻgʻitlarni toʻliq birja savdolariga qoʻyilishi tufayli “Dehqonobod kaliy zavodi” AJning sof foydasi 2 barobar, “Navoiyazot” AJda 28, “Fargʻonaazot” AJda 20 barobarga oshdi.
Manipulyatsiyalarni aniqlash vositalarining kuchaytirilishi, litsenziya talablariga rioya etilishi nazoratga olinishi birja ishtirokchilari tomonidan 150 ga yaqin qonunga zid harakatlari bartaraf etish va 3,8 milliard soʻmlik ortiqcha olingan mablagʻlar tadbirkorlarga qaytarildi.
Benzin, shakar, paxta chigiti, kalsiylangan soda, sement narxlarini oshishi holatlarini bartraf qilish va ularni barqarorlashtirishga erishildi, Masalan, birja savdolari orqali benzin sotib oluvchi kunlik xaridorlar soni 9 barobarga oshdi (40 tadan 368 taga) va yetarlicha raqobat muhiti shakllandi. Xuddi shunday holat suyultirilgan gaz bozorida ham kuzatilyapti. Xaridorlar soni shu yilning aprel oyida mart oyiga nisbatan ikki barobarga oshishi evaziga mahsulot narxi oʻrtacha 11 foizga arzonlashdi.
— Soha va tarmoqlarda raqobat muhiti yuzaga kelsa, iqtisodiyot ham tashqi raqobatga tayyor boʻladi. Bu boradagi eng zaif joylardan biri yetuk mutaxassislarni tayyorlash va ular malakasini oshirish boʻlib kelgan. Bu boradagi muammolarni hal etishda “muz”joyidan koʻchdimi?
— Koʻchayapti deyishga asoslarimiz bor. Chunki, qoʻmitaning bevosita tashabbusi bilan Andijon, Qoraqalpoq, Termiz davlat universitetlari, Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga 2020/2021 oʻquv yilida “Monopoliyaga qarshi boshqaruv va raqobatni rivojlantirish” magistratura mutaxassisligiga qabul kvotalari ajratildi. Toshkent shahridagi Inxa universitetida esa, “Biznes menedjment” magistratura yoʻnalishida oʻquv jarayoniga “Rivojlanayotgan bozorlarda strategik boshqarish” (Strategic Management in Developing Markets) va “Tadbirkorlik siyosati” (Entrepreneurship Policy) fanlari joriy etildi.
Raqobat siyosati sohasida malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida Qoʻmita va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti oʻrtasida anglashinuv memorandumi imzolandi. Shuningdek, tizim xodimlarining doimiy ravishda malakasini oshirib borish maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda muntazam ravishda oʻquv seminarlar tashkil etilib borilmoqda.
Hozirgi kunda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalari xodimlari 379 tani tashkil etadi. Shundan har yili kadrlar almashishi hisobiga xodimlarni qayta tayyorlash (oʻqitish) ni qamrab olish 15 foiz atrofida boʻlyapti. Bu esa kadrlar malakasini oshirish yetarli darajada emasligini koʻrsatadi.
Aytib oʻtkanimizdek, qoʻmita huzurida Raqobat siyosati va tabiiy monopoliyalar muammolari boʻyicha tadqiqotlar markazi ish boshlaydi. Uning vazifalaridan biri qoʻmita markaziy apparati, uning hududiy boshqarmalari, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xodimlari malakasini oshirish boʻyicha uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqish va oʻquv kurslarni tashkil etish hisoblanadi. Oʻquv kurslarda iqtisodiy islohotlar natijalari, monopoliyalarni tartibga solish va raqobatni rivojlantirish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish boʻyicha mahalliy va halqaro ekspertlarni jalb etgan holda, malaka oshirish amalga oshiriladi.
Bundan tashqari qoʻshimcha ravishda iqtisodiyot tarmoqlarida faoliyat olib borayotgan boshqa tashkilotlar xodimlarini malakasini oshirish boʻyicha “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonun asosida davlat xaridlari, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning kafolatlari, monopoliyaga qarshi komplayens tizimi, huquqbuzarliklar xavfini aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlar va taomillar masalalari boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etiladi va xodimlarning sohadagi bilim va koʻnikmalari mustahkamlab boriladi.
— Ayni kunda va yaqin istiqbolda iqtisodiyotimizda raqobat muhitini yaratish hamda monopoliyaga qarshi kurashishda, eng avvalo, qanday muammolarni hal etish zarur boʻladi, deb oʻylaysiz?
— Tahlillarga tayanadigan boʻlsak, oxirgi ikki yilda 20 ta yangi monopollashgan va 108 ta mahalliy mahsulotlarga toʻyinmagan bozor aniqlandi. Bugungi kunda 100 dan ortiq tovar bozorida monopoliya holati saqlanib qolmoqda, shu jumladan, metallurgiya, neftni qayta ishlash, kimyo, avtomobil va mashinasozlik, togʻ-kon sanoati sohalarida hamda yirik tabiiy monopoliya sohalarining atrofidagi yondash bozorlar ham ular tomonidan egallab olinayotgani kuzatilmoqda.
Prezidentimizning 2022-yil 8-apreldagi “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, xalqaro moliya institutlari hamda yetarli tajribaga ega ilgʻor xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda, 2023-yil 1-yanvardan boshlab Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan har yili Oliy Majlis Senatiga axborot taqdim etib boradigan Raqobat rivojlanishi indeksini joriy qilish belgilangan.
Bunda, tovar va moliya bozorlaridagi raqobat muhiti, tovar va moliya bozorlarga kirish uchun toʻsiqlarning bartaraf etilganligi, energiya resurslaridan ishonchli va barqaror foydalanish imkoniyati hamda ushbu resurslar bilan taʼminlanganlik, xususiy mulk daxlsizligi va yer munosabatlarining rivojlanganligi, transport va kommunikatsiya tarmoqlaridan (shu jumladan, internet) foydalanish, logistika samaradorligi, muqobil transport vositalarining oʻzaro bogʻliqligi (connectivity) va rivojlanganligi asosiy baholash mezonlari sifatida koʻzda tutiladi.
Ushbu indeks tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitini yaxshilashga va monopoliyaga qarshi kurashish siyosatini samaradorligini oshirishga qaratilgan. Mazkur indeks konsepsiyasini ishlab chiqishda Jahon banki hamda Osiyo taraqqiyot bankining texnik koʻmagini jalb qilish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hamda Iqtisodiy hamkorlik va rivojlantirish tashkiloti (OESR) bilan hamorlikda “Siyemens Integrity Initiative” kompaniyasining moliyaviy koʻmagi doirasida uch yillik “Raqobatbardoshlikni taʼminlashning adolatli bozor shartlari” loyihasiga yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur loyiha doirasida Jazoir, Xorvatiya, Saudiya Arabistoni, Serbiya, Janubiy Afrika Respublikasi bilan bir qatorda,Oʻzbekiston Respublikasi benefitsiar sifatida tanlab olingan hamda uni tatbiq etish boʻyicha Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi muvofiqlashtiruvchi organ etib belgilangan. Bunda asosiy eʼtibor tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitini yanada yaxshilashga va tadbirkorlik subyektlari uchun yuqori darajali raqobatbardosh maydon yaratishga qaratiladi.
Ayni paytda bunday dolzarb muammolarni hal etish ustida ishlar ketyapti. Ularning hal etilishi yaqin istiqbolda monopollashgan tovar bozorlari sonini kamida 45 foizga, monopol korxonalar sonini 40 foizga qisqartirish, eksklyuziv huquq va imtiyozlarni taqdim etishni koʻzda tutgan normativ-huquqiy hujjatlarning kamida 60 foizini bekor qilish, iqtisodiy erkinlik indeksida investitsion faoliyat erkinligi indikatori boʻyicha koʻrsatkichni 20 dan 80 gacha oshirish kabi vazifalar ijrosini taʼminlashda mustahkam tayanch boʻladi.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Abdurauf QORJOVOV suhbatlashdi