“Qadim oʻzbek xalqisan, asl odam avlodi..."

    Fikr 26 Sentabr 2020 1783

    Toshkent davlat yuridik universiteti jamoasi tomonidan Oʻzbekiston xalq shoiri, akademik Gʻafur Gʻulom ijodiy merosini kompleks oʻrganish, har tomonlama faol targʻib etish borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligiga bagʻishlangan tantanali yigʻilishda soʻzlagan nutqida xalqimiz oʻz tarixidagi uchinchi Renessansga – navbatdagi yuksak taraqqiyotga erishishidek ezgu gʻoyani ilgari surdi. Istiqlol davri, ayniqsa, keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilgan saʼy-harakatlar ayni gʻoya har jihatdan mustahkam asosga tayanishidan yaqqol darak bermoqda. Maktabgacha taʼlim tizimidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim, oliy taʼlim hamda zamonaviy ilm-fanning barcha yoʻnalishlari rivojiga, Fanlar akademiyasi va uning tizimidagi ilmiy muassasalar faoliyatiga, eng muhimi – mazkur dargohlarda mehnat qiladigan ziyolilarga koʻrsatilayotgan muntazam eʼtibor bu asos mustahkamligiga kafolat boʻlajak.

    Maʼlumki, IX-XII hamda XIV-XVI asrlarda kechgan ikki Uygʻonish davrida ilm-fan hamda madaniyat va maʼnaviyat birdek – oʻzaro uygʻun, bir-birini toʻldirib-boyitib yuzaga chiqqan. Deylik, Ibn Sino tibbiyot yoxud matematikani qanchalik chuqur bilsa, xuddi shunday muvaffaqiyat bilan sanoi nafisa – adabiyot hamda musiqa sanʼati rivojiga hissa qoʻshgan. Navoiy hazratlari esa nafaqat sheʼriyat sultoni, balki ilmi nujum – astranomiya fanining ham katta bilimdoni boʻlganini navoiyshunos olim Omonullo Valixonov domla oʻzining “Gʻazal nafosati” kitobida yaqqol koʻrsatib berganlar.

    Ana shu maʼnoda uchinchi Renessans nafaqat aniq fanlar, balki gumanitar fanlardan, adabiyot va sanʼat, madaniy sohaning turli yoʻnalishlari rivojidan ham kuchli quvvat olmogʻi talab etiladi.

    Poytaxtimiz markazida Adiblar xiyobonining tashkil etilishi, u yerda muborak siymolari oʻrnatilgan har bir ijodkor hayoti va faoliyatini keng targʻib etishga nufuzli oliy taʼlim muassasalarining masʼul etib belgilanishi ham ayni shu maqsadlarga xizmat qilishi aniq.

    Jumladan, oʻtgan qisqa davr ichida Toshkent davlat yuridik universiteti jamoasi tomonidan Oʻzbekiston xalq shoiri, akademik Gʻafur Gʻulom ijodiy merosini kompleks oʻrganish, har tomonlama faol targʻib etish borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi. Bu tadbirlarning talabalar taʼtili davomida ham muntazam tashkil etilishi yoshlarning boʻsh vaqtlarini boy mazmun bilan toʻldirishda, ularning oʻzini ham mustaqil shaxs, ham yagona xalq sifatida anglashida muhim omil boʻlmoqda.

    Masalan, joriy yilning iyul-avgust oylari davomida universitet talabalari oʻrtasida Gʻafur Gʻulom hayoti va ijodini keng targʻib qilishga bagʻishlangan “Oʻz elining oʻktam kuychisi” mavzusidagi “Eng yaxshi sheʼr” tanlovi, “Vatan va millatni madh etgan ulugʻ ijodkor” mavzuida maqolalar, “Biz sevgan adib” ruknida “Eng yaxshi videorolik”, “Adib timsoli yoshlar nigohida” mavzuida “Eng yaxshi portret” hamda audioroliklar tanlovlari oʻtkazildi. Ularda 250 nafardan ortiq talaba oʻz ijodiy ishlari bilan qatnashdi.

    Gʻafur Gʻulom hayoti va ijodini zamonaviy usullarda kengroq targʻib qilish, shoirning ijodiy merosini hamda u haqidagi maʼlumotlarni tizimlashtirish, adib ijodiga qiziquvchilar uchun qulayliklar yaratish maqsadida https://gafurgulommerosi.uz nomli maxsus veb-sayt tashkil etilib, ayni kunlarda uni kontent – qimmatli manbalar bilan toʻldirish ishlari olib borilmoqda. Mazkur saytga ijodkor qalamiga mansub boʻlgan hamda ustozdan ilhomlanib ijod qilgan shoir va yozuvchilarning mavzuga oid adabiy asarlari, xotiralari, hozirga qadar yaratilgan filmlar hamda koʻrsatuvlar, Gʻafur Gʻulomning oʻz ovozi yangragan audioyozuvlar joylashtirildi.

    Shu bilan birga, Toshkent davlat yuridik universitetining Internet sahifasidagi rasmiy saytida adib ijodiyoti boʻlimi, universitet Axborot-resurs markazida esa Gʻafur Gʻulom burchagi tashkil etilib, bu manzillardan ijodkorning oʻlmas asarlari joy oldi. Universitetda Gʻafur Gʻulom xonasi tashkil etilyapti.

    Universitet tomonidan Gʻafur Gʻulom hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Sharqdan kelayotirman” nomli hujjatli film ssenariysi tayyorlanib, «Oʻzbekkino» Milliy agentligiga taqdim etildi. Agentlik bilan filmni tasvirga olishda yaqindan hamkorlik qilinmoqda. Professor-oʻqituvchilardan iborat yana bir ishchi guruh esa Gʻafur Gʻulomning nashr etilmagan adabiy merosi asosida “Farzandlarimga” nomli kitobni tayyorlab, nashrga topshirdi...

    Maʼlumki, Gʻafur Gʻulom oʻzining kim ekanini, qanday xalqning, millatning farzandi ekanini, avvalo, oʻzi chuqur anglagan va buni ona xalqiga anglatishga imkon qadar uringan inson – yetuk shaxs boʻlgan edi. Bu haqiqat uning deyarli barcha asarlari qatlaridan koʻrinib, sezilib turadi. Shoir oʻz xalqi xususida

    Qadim oʻzbek xalqisan,

    Asl odam avlodi,

    Misr ehromlaridan

    Tarixing qariroqdir.

    Xorazmning har gʻishtida

    Bobolarning ijodi

    Anglo-saksonlardan

    Ancha yuqoriroqdir,

    der ekan, «bizda logarifmaning mushkul muammolari qoʻldagi barmoqlarday oddiy qilinganda hal» oʻzini oliy irq vakillari deya daʼvo qiladigan ayrim kimsalarning ajdodlari oʻnta barmogʻini eplab sanay olmaganini ularga eslatib qoʻygandi...

    Ona xalqining kelgusi taqdiriga befarq boʻlmagan shoir oʻzbekning yosh nasllariga xitoban yozgan “Avval oʻqi” nomli sheʼrida hali hozirga qadar ahamiyatini zarracha yoʻqotmagan mana bunday oʻlmas daʼvatni bitgan:

    Falsafa – Aflotun, ilmlar – Sino,

    Sheʼrlar Pushkinni qidirar senda,

    Otaga oʻgʻil boʻl, yaʼni xoʻja boʻl

    Qon-ter bilan barpo bu sarzaminda.

    Darhaqiqat, oʻzbek xalqining uchinchi Renessansga tomon intilishi har jihatdan tabiiy, mantiqiy harakat boʻlib, bunga ayni xalqning maʼnaviy huquqi hamda tarixiy zarurat sifatida qarash lozim. Eng muhimi – xalqning har bir farzandi oʻzining jismu joni, ruhiyatida ertaning Aflotunlari, Ibn Sinolari, Navoiy va Pushkinlarini his qilmogʻi, ana shu maʼnaviy Otalarga munosib voris, bu muqaddas sarzamin – Oʻzbekistonga chinakam xoʻja – ega boʻlmoqlaridir.

    Rahmon QOʻCHQOROV,

    TDYUU dotsenti v.b., filologiya fanlari nomzodi