Bugun poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida 21-oktyabr - Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbir doirasida Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan anʼanaviy tarzda tashkillashtirib kelinayotgan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” respublika tanlovi gʻoliblari taqdirlandi.
Tanlov toʻrtta yoʻnalishda oʻtkazildi. “Davlat tili ustuvorligi taʼminlangan eng namunali hudud”, “Davlat tilida ish yuritish yoʻlga qoʻyilgan eng yaxshi tizim”, “Oʻzbek tilini rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi ilmiy-amaliy loyiha va dasturiy mahsulotlar”, “Oʻzbek tilining qudrati va goʻzalligini tarannum etgan eng yaxshi badiiy asar”.
Quvonarlisi, Hakamlar hayʼati qarori bilan “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi tahririyati jamoasi “Ommaviy axborot vositalari va davriy nashrlarda davlat tili targʻibotiga bagʻishlangan turkum maqolalarni tashkil qilishga qoʻshgan hissasi uchun” nominatsiyasiga loyiq koʻrildi.