2022-yil davomida asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlarining manzilli ro‘yxati tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, ushbu ro‘yxatdan jami 34 ta madaniy meros obyekti o‘rin olgan va ularni taʼmirlash-tiklash ishlari uchun jami 75 mlrd. so‘m sarflanishi rejalashtirilgan. Anʼanaviy ravishda har yili respublika bo‘yicha avariya holatidagi yoki eʼtibordan chetda qolgan madaniy meros obyektlarini restavratsiya va taʼmirlash-tiklash ishlari uchun milliy ro‘yxat shakllantiriladi.
Xususan, joriy yilgi ro‘yxatga ko‘ra, ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lgan Bahodir Yalangto‘shbiy madrasasi, Talipoch qalʼa qoldiqlari, “Ulug‘bek” madrasasi, Amir Olimxon madrasasi, Ko‘k gumbaz, Oq Saroy, Islom Xo‘ja yozgi qarorgohi, Chodra hovli kabi obyektlarda restavratsiya ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Buxoro “Ark” qo‘rg‘oni majmuasidagi Qushbegi, Saisxona, Salomxona, Taxtxona madaniy meros obyektlarida taʼmirlash tiklash ishlari olib boriladi. Eng eʼtiborga molik loyihalardan biri esa — “Ark” qo‘rg‘oni majmuasi vayronalari qismida “Arxeologik park” tashkil qilish bo‘lib turibdi. Buxoro shahridagi “Masjidi Kalon” (Poi Kalon majmuasi) qulab tushgan qismlar va taʼmirtalab devorlarini taʼmirlash-qayta tiklash, atrofini obodonlashtirish ishlarini ham 2022-yilning IV choragida amalga oshirish rejalashtirilgan.
Taʼkidlash joiz, moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlarida amalga oshiriladigan asrashga doir ishlar uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar miqdori loyiha-smeta hujjatlari asosida aniqlanadi. Asrashga doir ishlar tegishli Madaniy meros obyektlari restavratsiya direksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Zarur hollarda, mazkur manzilli ro‘yxatga Madaniy meros agentligi takliflari hamda Vazirlar Mahkamasining Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi xulosasiga ko‘ra Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri tomonidan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.