Gʻijduvon tumani IIB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida tumanning Soktari mahallasida yashovchi, 2001-yilda tugʻilgan S.A. 2023-yil may oyi oʻrtalaridan may oyi oxirlariga qadar boʻlgan vaqt oraligʻida, tanishlari I.A. va A.I.lar bilan oldindan oʻzaro jinoiy til biriktirib, qalbaki pul yasagani maʼlum boʻldi.
Qayd etilishicha, ular Gʻijduvon tumani Todon mahallasida joylashgan uyda “EPSON L-3100” rusumli rangli printer yordamida Oʻzbekiston Respublikasining 100.000 soʻmlik va 200.000 soʻmlik pul kupyuralarini kelgusida oʻtkazish maqsadida nusxa koʻpaytirish yoʻli bilan yasab kelishgan.
Ular ijarada turgan tumanning Sharq mahallasidagi xonadondan 2 dona 200.000 soʻmlik kupyuradagi, 1 dona 100.000 soʻmlik kupyuradagi qalbaki pullar, 26 dona A4-formatdagi maxsus qogʻoz listlarning har biriga 3 donadan nusxa olish yoʻli bilan koʻpaytirilgan 100.000 soʻmlik kupyuradagi qalbaki pullar va boshqa ashyoviy dalillar tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JK.ning 176-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.