Qayd etilishicha, quyidagi holatlarda keshbek berilmaydi:
- agar chek berilganiga 10 kundan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa;
- agar sotib olingan tovar (xizmat)lar cheki uchun avval keshbek hisoblangan boʻlsa;
- avtomobil, havo va temir yoʻl chiptalarini sotib olish natijasida olingan, shuningdek, aloqa va kommunal xizmatlar uchun amalga oshirilgan toʻlov cheklari uchun;
- DSQ tomonidan yuritiladigan shubhali xaridorlar reyestriga kiritilgan jismoniy shaxslar cheklari uchun.
Qoʻmitaning taʼkidlashicha, shuningdek, keshbekka ega boʻlish uchun boshqa fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan xarid cheklarini egasining ruxsatisiz roʻyxatdan oʻtkazgan shaxslar shubhali xaridorlar hisoblanadi.
Bunda, xaridni amalga oshirgan shaxs oʻz cheki boshqa foydalanuvchi tomonidan Soliq mobil ilovasida (Android/iOS) roʻyxatdan oʻtkazilganligini aniqlasa:
- chekni roʻyxatdan oʻtkazgan shaxs foydasiga keshbekdan voz kechishi mumkin;
- yoki ushbu shaxs ustidan shikoyat qilishi mumkin.
Buning uchun Soliq ilovasida ochiladigan maxsus oynada shikoyat qilishni istaysizmi soʻroviga “ha” javobini tanlash kerak.
Mobil ilova orqali oʻzgalarga tegishli boʻlgan 15 va undan ortiq QR-kodli chekni roʻyxatdan oʻtkazganligi haqida shikoyat kelib tushgan foydalanuvchilar shubhali xaridorlar reyestriga kiritiladi.
Bundan tashqari, cheki boshqa fuqarolar tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan haqiqatda xaridni amalga oshirgan jismoniy shaxs belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Boshqalar roʻyxatdan oʻtkazgan oʻz cheki uchun keshbek olsa boʻladimi?
Agar shikoyat qilish paytida keshbek toʻlanmagan boʻlsa, chekning haqiqiy egasi soliq organlariga aynan oʻsha xaridni amalga oshirganligi va QR-kodli chekni olganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etsa, unga tegishli keshbek hisoblanadi.
Agar ushbu faktlarni tasdiqlashning imkoni boʻlmasa, keshbek sud qarori asosida qaytariladi.