Uzoq vaqt ko'rishmagan tanishim bilan tasodifan uchrashib qoldik. Suhbatlashdik. Turmush o'rtog'ining vafotidan so'ng to'rt nafar farzandini mustaqil hayotda yo'lini topishi uchun astoydil mehnat qilgani nigohlarida namoyon edi. Qiyinchilik ko'rgani gaplaridan bilinib turardi. Qarang, umuman yordam puli, nafaqa puli olmabdi, ko'p bolali oilalarga ajratiladigan imtiyozlardan foydalanmabdi. Bu soddalikmi yoki andishami?
YAqinda “O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo'shimcha va o'zgartishlar kiritish to'g'risida”gi qonun loyihasi bilan batafsil tanishdik. Takliflarimizni berdik. Mulohazalar o'rtaga tashlandi. YUqoridagi suhbat bahona bo'ldi-yu, bu borada yanada tizimliroq, izchilroq bandlar, me'yorlar zarurligini his qildim.
Qonun hujjatlarida “ko'p bolali oila” tushunchasiga turlicha mezonlar belgilangan. Masalan, yosh mezoni — maksimal yosh chegarasi 16 va 18 yoshgacha, bola soni uchtadan ettitagacha, deb qayd etilgan. Bu esa, tabiiyki, davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan haqiqatan muhtoj bo'lgan oilalarning teng huquqli foydalanish imkoniyati mavjud emasligini, amaliyotda huquq normalarini qo'llashda ijtimoiy adolat tamoyili buzilishiga shart-sharoit yaratib berayotganini ko'rsatadi.
SHu kabi omillar qonun hujjatlarida ko'p bolali oilalarning huquqiy maqomini aniq belgilash zaruratini vujudga keltirmoqda. YA'ni qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotida ushbu tushunchaning bir xilda qo'llanilishini ta'minlash maqsadida Oila kodeksiga “ko'p bolali oila” tushunchasi va uning huquqiy maqomini belgilovchi qo'shimcha kiritilmoqda. Unga ko'ra, ota-ona yoki ulardan biri bilan birga yashayotgan to'rt va undan ortiq o'n sakkiz yoshga to'lmagan, shuningdek, kunduzgi ta'lim shaklida ta'lim olayotgan yigirma ikki yoshga to'lmagan bolalari bo'lgan oilalar ko'p bolali oilalar hisoblanishi belgilanmoqda.
Bu bilan taklif etilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotidagi turli yondashuvlar bartaraf etilishiga, davlat himoyasiga muhtoj ko'p bolali oilalarga ijtimoiy adolat printsipi asosida imtiyozlar berilishiga, xususan, turar joy, er ajratish, soliq to'lovlari va boshqa bir qator imtiyozlardan keng foydalanishga huquqiy asos yaratadi hamda ularni qo'llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Albatta, loyiha tasdiqlansa, yuqoridagi kabi oilalar davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlardan yanada to'liq foydalanadi. Bu ham oila byudjetiga, ham farzandlarning kelajagiga ijobiy ta'sir qiladi. Qonun loyihasi tasdiqlangach, uni aholi orasida keng targ'ib qilish zarur. Negaki, qonun kuchga kirsa-yu, uning mohiyati va beriladigan imtiyozlarni yurtdoshlarimiz bilmasa, ko'zlangan natijaga erishish mushkul.
Umidaxon ZOKIROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati