Qandli diabet bilan kasallangan bemorning oyogʻi alohida eʼtibor talab qiladi. Oyoqda yoriqlar va hatto minimal shilinmalar paydo boʻlishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi, chunki bunday bemorlarda yaralar bitishi juda qiyin kechadi. Bu esa gangrenaga va oyoq-qoʻllarning amputatsiyasiga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, diabetik oyoq sindromi bilan ogʻrigan bemorlarda terining sezgirligi buziladi va ular oyoq kiyimga toshcha kirishi yoki tasodifan kirgan begona narsalarni sezmasliklari mumkin.
Diabetik oyoq sindromi bilan ogʻrigan bemorlarning asosiy vazifasi - oyoq terisini har kuni mukammal holatda kuzatib borish va saqlashdan iborat. Shu sabab ularga qulay poyabzal kiyib yurish juda muhim.
Ixtironing maqsadi qandli diabet bilan ogʻrigan bemorlar uchun oyoq kiyimlarini ishlab chiqishdan iborat boʻlib, boshqa shu kabi analoglardan farqi ulardagi kamchiliklarni toʻldirgan holda oyoqdagi yukning bir xil taqsimlanishini taʼminlash, oyoqlarning shikastlanishini maksimal darajada kamaytirishdan iborat.
Intellektual mulk agentligi tomonidan ixtiro mualliflariga “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra IAP 06611 raqamli patent berildi.