“Qanqa shahristoni” yodgorligiga yetkazilgan jiddiy zarar boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatidagi “Qanqa” arxeologiya yodgorligi hududi oʻzboshimchalik bilan oʻzlashtirib olingani, xususan, uy-joylar qurilishi, bogʻ va ekin ekish maydonlari tashkil etilganligi keskin tanqid qilinib, keng muhokamalarga sabab boʻlgan edi.

    Mazkur holatlar boʻyicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Milliy arxeologiya markazi, Madaniy meros agentligi va Kadastr agentligi mutaxassislari ishtirokida oʻtkazilgan oʻrganishda haqiqatda ayrim fuqarolar tomonidan yodgorlik hududiga jiddiy zarar yetkazilganligi maʼlum boʻldi.

    Maʼlumot oʻrnida: Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 04.10.2019-yildagi 846-sonli qarori bilan tasdiqlangan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obektlari milliy Roʻyxatida “Qanqa shahristoni” 320-raqam bilan moddiy madaniy meros obekti sifatida roʻyxatga olingan. Obekt davri miloddan avvalgi III — XII asriga taalluqli boʻlib, u davlat mulki sifatida Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan.

    Tarixiy manbalarga koʻra, ushbu yodgorlik Toshkentning eng qadimgi poytaxt shahri boʻlib, Markaziy Osiyo xalqlari tarixida muhim oʻrin tutadi. Yodgorlikdagi oʻrta asrlarga oid karvonsaroy mintaqa hududidagi shahar shahristonida joylashgan yagona karvonsaroydir. YUNESKOning rasmiy sahifasida va WIKIPEDIA umumjahon ensiklopediyasida yodgorlik hududi 160 gektar deb qayd etilgan.

    Xususan, 1977-yilda qazuv ishlari natijasida ochilgan va keyinchalik sobiq ittifoq davrida “kolxoz”ga berib yuborilgan shaharning mudofaa devori ichidagi uchinchi shahriston hududi hanuzgacha qaytarib olinmagan. Hududdagi maydonlar sugʻorilishi natijasida yodgorlikning qolgan qismiga jiddiy zarar yetkazilganligi oqibatida vujudga kelgan zaxlik madaniy qatlamning buzilishiga, qadimiy meʼmoriy inshootlar, devordagi rasmlar va boshqa noyob topilmalarning yemirilishiga olib kelgan.

    Shuningdek, uchinchi shahristonning janubi-gʻarbiy qismini oʻragan mudofaa devorini ichki va ustki qismi mahalliy fermer tomonidan egallanib, bu joyda ayrim fuqarolar uy-joy qurib olgan. Yodgorlikning janubiy qismidagi mudofaa devori ichki qismida qariyb bir gektar maydon ham egallab olinib, turar-joy qurilgan. Yodgorlikning janubi-sharqiy tomonidagi mudofaa devorining ichki qismidagi maydon ekinzorga hamda mahalliy aholi va tashkilotlar tomonidan chiqindilar maydoniga aylantirilgan. Sohaga masʼul idoralarning befarqligi sababli obektning turistlar tashrif buyurishi mumkin boʻlgan gʻarbiy va janubiy tomonidagi yoʻllarning yodgorlikka kirish qismi ham afsuski, chiqindixona vazifasini oʻtab kelmoqda.

    Yodgorlikning kadastr hujjatiga koʻra, uning umumiy yer maydoni 104,99 gektarni tashkil etadi. Hozirda uning 0.50 gektariga fuqaro A.B., 0.79 gektariga fuqaro T.B. qishloq xoʻjalik ekinlari (makkajoʻxori) ekib, oʻzboshimchalik bilan ushbu yer maydonidan noqonuniy tarzda foydalanib kelmoqda.

    Bundan tashqari, sohaga oid huquqiy-meʼyoriy hujjatlarning bir qator talablariga zid ravishda Oqqoʻrgʻon tuman hokimining 2016-yil 8-iyundagi 566-sonli qarori bilan fuqaro A.P.ga turar joy bino-inshootlari va ular bilan band boʻlgan yer uchastkalari meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan yodgorlik hududidan 0.56 gektar yer maydoni ajratilgan. Ushbu maydonning 140.4 kv metr qismiga 3 ta yashash uyi, 2 ta kirish xonasi, qurilishi tugallanmagan bino va bostirma qurilgan hamda bir qismiga bogʻ tashkil qilingan.

    Oʻrganish jarayonida viloyat Madaniy meros boshqarmasi xodimlari tomonidan A.B, T.B. va A.P.ga moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obektiga yetkazgan moddiy zarar boʻyicha tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirildi.

    Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obektiga A.P. tomonidan 10 mlrd 367 mln 448,3 ming soʻm, A.B. tomonidan 2 mlrd 423 mln 520,0 ming soʻm, T.B. 1 mlrd 093 mln 950,0 ming soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

    Agentlik taqdim etgan oʻrganish hujjatlariga koʻra, viloyat prokuraturasi tomonidan aybdor shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 132-moddasi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.