9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi boshchiligida Urgut tuman Davlat xizmatlari markazi hamda 1-son FHDYO boʻlimi xodimlari Ispanza qishlogʻida yashovchi, 98 yoshli ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Boʻron bobo Gadoyevning xonadonida boʻlishdi. Faxriy otaxon va oila aʼzolariga sayyor davlat xizmatlari koʻrsatishdi.
Jumladan, qariyb yuz yoshni qoralayotgan otaxonni shu paytga qadar tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi yoʻqligi aniqlanib, tashrif chogʻida ushbu hujjat Urgut tuman 1-son FHDYO mudirasi Xurshida Doniyorova boshchiligida shu yerning oʻzida rasmiylashtirilib berildi. Shuningdek, koʻpni koʻrgan otaxon suhbat chogʻida pensiya miqdori toʻgʻrisida maʼlumotnoma kerakligini bildirdi. Markaz xodimlari qisqa fursatda ushbu murojaatni roʻyxatga olib, bir necha soniyalarda maʼlumotnomani taqdim etishdi. Urush dahshatlarini koʻrgan otaxonning oila aʼzolari xonadon kadastr hujjatlarida muammolar borligini aytishib, mazkur masalada yordam soʻradi. Shu kuni ushbu masalaga ijobiy yechim topish maqsadida tuman hokimligiga xat chiqarildi.
Boʻron bobo Gadoyev 1942-yilda frontga safarbar etilgan. 2-Belarus fronti 91-brigadasida injener-sapyor boʻlgan. Olti oy komandirlar tayyorlash guruhida oʻqigach, frontga joʻnatilgan. U kishi oʻsha yillarni shunday eslaydi:
— Urushga 17 nafar yosh, zabardast urgutlik doʻstlarim bilan birga ketganmiz. Shundan 4 nafarimizga uyga qaytish nasib qildi, – deydi Boʻron bobo. – Uch yil urushning qaynoq oʻchoqlarida boʻldim. Men ikki joyimdan oʻq yeganman. Birga qaytgan 3 nafar doʻstim hozir oramizda yoʻq. Gʻalabadan keyin yana ikki yil harbiy xizmatda qoldim. 1947-yilda vatanga qaytib, salkam ellik yil maktabda oʻqituvchilik qildim.
Besh farzand oʻstirib, hammasini uyli-joyli qilgan hoji ota 24 nabira, 80 evara, 11 chevara ardogʻida bugungi kunlarga shukronalar aytib, biz bilan yonma-yon umrguzaronlik qilmoqda.
DXA Samarqand viloyat boshqarmasi
Axborot xizmati