Qarshi shahrida Murodovlar oilasida 3 egizak dunyoga keldi
Qarshi shahar tugʻruqxonasida 1-oktyabr kuni 3 nafar egizak dunyoga keldi. Egizaklarning uchalasi ham - oʻgʻil bola.
Chaqaloqlar Qarshi tumani Uzunnavo mahallasida yashaydigan Murodovlar oilasi quvonchiga quvonch qoʻshdi. “Polvon”larning onasi Shahlo Husanova 30 yoshda, viloyat teri-tanosil shifoxonasida hamshira boʻlib ishlaydi. Otasi - Iskandar Murodov 37 yoshda, Milliy gvardiya xodimi.
Egizaklardan birining vazni 2,1, ikkinchisiniki - 2,4 va uchinchisiniki - 2,2 kilogrammdan iborat.
Ota-onasi chaqaloqlarga Shavkat, Miromon va Mirziyo deb ism qoʻyishdi.
Ayni paytda oiladagi bolalar soni 5 nafarga yetdi. Bungacha Murodovlarning bir oʻgʻil, bir qizi boʻlgan.
Qashqadaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.