Taʼkidlanishicha, noqulay ob-havo natijasida viloyatning bir nechta tumanlarida girometorologik xavfli jarayonlar yuzaga keldi:

soat 11:03 larda Shahrisabz tumani “Chorshanbi” qoʻrgʻonidagi oziq-ovqat savdo doʻkonining tom qoplamasini shamol uchirib yuborgan;

soat 11:25 larda Qamashi tumani “A.Navoiy” MFYda joylashgan yelim idishlarni yigʻish punktining tom qoplamasi kuchli shamolda qulab tushgan. Voqea oqibatida uch nafar fuqaro turli darajada jabrlanib, tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan;

soat 11:48 larda kuzatilgan shamol Yakkabogʻ tumani “Uchtepa” MFY, “Tosh” qishlogʻidagi uyning, “Navroʻz” MFY, “Navroʻz” qishlogʻidagi ikkita xonadonning qoʻshimcha binolaridagi tom qoplamalarini uchirgan;

soat 11:50 larda Kitob tumani “Qaynar”, “Motmon” va “Qavzixona” qishloqlari hududidagi 4 dona elektr simyogʻochi hamda “Tepaboshi” MFY hududida 1 ta yashash uyining tom qismi kuchli shamol natijasida qulab tushgan.

Yuzaga kelgan vaziyatlarni bartaraf etish uchun Qashqadaryo viloyati FVBning tarkibiy tuzilmalari hamda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat quyi tizimlarining 169 nafar qutqaruvchilari, avariya-tiklash brigadalari shaxsiy tarkibi va 26 ta maxsus texnika jalb etilgan.

Respublikamizning qolgan hududlarida, xususan, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qisqa muddatli yogʻingarchiliklar kuzatilmoqda.

Koʻngilsiz vaziyatlarga tushib qolmaslik uchun xavfsizlik qoidalariga rioya qiling, deyiladi xabarda.