Topshiriqlarga koʻra, endilikda har bir tibbiyot muassasasida eng kamida bittadan mobil guruhlari tashkil qilinishi, mazkur mobil guruhlar uy sharoitida davolanayotgan bemorlar, kasallikka shubha qilinganlar holidan xabardor boʻlib turishlari lozim. Mahalla raisi va profilaktika inspektori ularning roʻyxatini shakllantirib, karantin va izolyatsiya qoidalariga qay darajada amal qilinayotganini nazoratda tutishlari kerak.
— Bundan keyin kasallik aniqlangan fuqarolar uyda emas, toʻliq statsionar sharoitda davolanadi, — dedi viloyat hokimi. — Oʻrganishlar shuni koʻrsatayaptiki, uyda davolanishdan koʻra statsionar sharoitda davolanish ancha ishonchli va samarali. Qolaversa, viloyatdagi shifoxonalarda koronavirusni davolash uchun ajratilgan (yaratilgan zaxira oʻrinlaridan tashqari) oʻrinlar soni ham, dori-darmon zaxirasi ham yetarli.
Sektor rahbarlari bularning barchasini chuqur oʻrganib, tahlil qilib borishi va shunga koʻra ish tutishi shartligi alohida aytib oʻtildi.