Rejalashtirilgan marshrutga muvofiq, 96 nafar fuqaro Dohadan Dubaygacha avtobuslarda yo‘l olib, u yerdan Dubay–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha samolyotda parvoz qilishadi.

Elchixona xodimlari fuqarolarimizni olib ketgan avtobusni chegaragacha kuzatib borishdi. Evakuatsiya qilingan yurtdoshlarimiz ko‘rsatilgan amaliy yordam va xavfsiz evakuatsiya jarayoni samarali tashkil etilgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga, xorijdagi diplomatik vakolatxonalarga hamda “Vatandoshlar” jamoat fondiga samimiy minnatdorlik bildirishdi.

Elchixona tomonidan shu kunga qadar Qatarni tark etish istagini bildirgan 548 nafar O‘zbekiston fuqarosi “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan hamkorlikda Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari orqali yurtimizga evakuatsiya qilindi. Ular orasida asosan turistlar, talabalar hamda vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun kelgan fuqarolar bor edi.

Joriy yilning 28-fevral kuni Isroil va AQSh o‘rtasida Eron bilan qurolli to‘qnashuvlar boshlangani ortidan Qatar o‘z havo hududini yopdi. Natijada Hamad xalqaro aeroporti faoliyati vaqtincha to‘xtatilib, 2 mingga yaqin aviaqatnovlar bekor qilindi.