Qatarning yirik kompaniyalari Oʻzbekiston bozorlarini zabt etish yoʻlida

    Investitsiyalar 19 Oktabr 2023 1255

    Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Qatarga tashrifi doirasida Doha shahrida Qatar Investitsiyalar va sanoat vaziri Muhammad al-Tani hamda Hassad Food, Nebras Power, FITCO Detergent, Alazizya Chemicals Factory, Qatar National Cement, Power International Holding kompaniyalari, Qatarning Education Above All Foundation jamgʻarmasi va boshqa yirik kompaniya rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Xususan, Investitsiyalar va sanoat vaziri Muhammad at-Tani bilan boʻlib oʻtgan samarali suhbat davomida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning bugungi holati va sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy sohalarda oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha aniq tashabbuslar koʻrib chiqildi. Tomonlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini aloqalarni mustahkamlash, sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasini oshirish uchun barcha zarur choralarni koʻrishga oʻzaro tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

    Qatarning yirik kompaniya rahbarlari bilan oʻtkazilgan muzokaralarda Qatar kompaniyalarining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarini jalb etgan holda Oʻzbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida yirik investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish istiqbollari muhokama etildi. Mamlakatimizning sarmoyaviy va sanoat salohiyati namoyish etildi va keyingi yillarda sarmoyaviy faoliyat uchun yaratilgan qulay sharoitlar qayd etildi.

    Qoʻshma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, “yashil” energetika, infratuzilmaviy rivojlanish, maishiy kimyo, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida loyihalarni amalga oshirish hamda moliyaviy-texnik hamkorlikni rivojlantirishga kelishildi.

    Uchrashuvlar yakuni Qatar ishbilarmon doirasining Oʻzbekistonda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qiziqishi yuqori ekanligini, Oʻzbekiston toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritish va biznes geografiyasini kengaytirish uchun jozibador yoʻnalishlardan biri ekanligini yana bir bor tasdiqladi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.