2023-yilda Turkiyaning janubi-sharqiy viloyatlarida kuchli zilzila sodir boʻlganidan buyon bir yil oʻtdi. Bu vaqt davomida zilzila oʻchoqlarida nimalar oʻzgardi? Tabiiy ofatdan jabrlangan va boshpanasiz qolgan qardoshlarimiz bugun qanday hayot kechirmoqda?
Jurnalistlar uch kun davomida hududlarda boʻlib, zilziladan soʻnggi oʻzgarishlar bilan yaqindan tanishdi.
***
Notanish manzil sari otlangan kishining xayoliga turli oʻylar kelaveradi, savollar tugʻilaveradi, ayniqsa, bu safar birinchisi boʻlsa. U mamlakat qanday? Odamlari bilan til topishish qiyin emasmi? Bizni qanday qabul qiladilar?..
Menda bu gal farqli sayohat boʻldi. Xuddi avvaldan borib-kelib yurgandek, hech ikkilanmay safar tadorigini koʻra boshladim. Chunki meni Turkiya bilan bogʻlaydigan va qadrdon qilgan sabablar koʻp. Eng asosiysi esa, ilmiy tadqiqotim turkiyalik hassos shoira Didem Madak ijodi bilan bogʻliq. Bundan tashqari, Nazan Bakiroʻgʻluning chuqur falsafasi bilan necha tonglarim otgan. Ahmed Arif “Togʻlariga bahor kelmish mamlakatimning...” deya sheʼr boshlar ekan, oʻsha togʻlar mening goʻzal mamlakatim togʻlari kabi ulugʻvor tuyuladi. Tasavvurlarimdek uzayib yotgan yam-yashil togʻlarni sogʻina boshlayman. Ahmed Hamdi Tanpinar, Atilla Ilhan, Oʻzdemir Asaf, Nozim Hikmat, Turgut Uyar... Ularning safi yoʻl qadar uzun, adoqsiz, zavqli, gʻamgin...
Uchogʻimiz tun sukunatini buzib, sim-siyoh bulutlar podasini atrofga yoygancha koʻkka koʻtarildi. Ortda samimiy salomlar bilan Oʻzbekiston qoldi. Nazarimda, bu yurtning barcha odami, toshu giyohining biz borayotgan manzilga duoyu salomi boʻlajak.
Oldinda esa bizning yoʻlimizga koʻz tikkan uch manzil – Qahramonmarash, Adiyaman, Malatya.
Qahramonmarash – zilziladan eng koʻp jabr koʻrgan hudud
Qahramonmarashda ketma-ket sodir boʻlgan 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalar butun dunyoni larzaga soldi. Zilzila oqibatida 50 mingdan ziyod kishi halok boʻldi. 110 mingga yaqin odam tan jarohati oldi. Bu voqea bir ibrat berdi: qiyinchilik qarshisida ojiz odamlarni birdamlik tuygʻusi birlashtirar, kuchli qilar ekan.
Dasturga koʻra, ilk manzilimiz Qahramonmarash boʻldi. Istanbul-Qahramonmarash yoʻnalishi boʻyicha samolyot koʻkka koʻtarildi. “Iyi yolculuklar! İstediğiniz bir şey var mı?” deydi shirinsuxan uchoq xizmatchisi xayolimizni boʻlib. Nafaqat dillarimiz, balki tillarimiz ham naqadar yaqin, deyman hammasi joyida ekanini xizmatchi qizga aytarkanman.
Samolyot bundan roppa-rosa bir yil oldin katta fojia – zilzila sabab katta yoʻqotishlarni boshdan kechirgan Qahramonmarash aeroportiga yaqinlashib, pastlaydi. Ne-ne mingyilliklarni bagʻriga olib uxlayotgan togʻlar olisdan qorayib koʻzga tashlanadi.
Bizni aeroportda turkiyalik hamkasblar kutib oldi. Ular orasida asli oʻzbekistonlik Zamira Oʻzturk ham bor. Oʻzga yurtda tanish qiyofani koʻrsang, koʻngling gʻururga toʻladi. Darvoqe, Zamira opani sevimli asarlarimiz – “Qutlugʻ qon” hamda “Oltin vodiydan shabadalar” asarlarining turk tiliga tarjimoni sifatida taniymiz. Necha yillardan buyon oʻzbek va turk xalqlari madaniyati hamkorligi va rivoji uchun harakat qilayotgan vatandoshlarimizdan biri.
Viloyat markazi baland-baland uylari bilan eʼtiborimizni tortdi. Zilzila izlari ayrim binolarda sezilsa-da, oʻtgan yili ijtimoiy tarmoqlarda koʻrganimiz vahimalar deyarli yoʻq. Demak, hayot davom etyapti, yangi uylar qurilyapti. Aholi farovonligi uchun haqiqiy maʼnoda kurash ketyapti.
Bizni Qahramonmarash viloyati hokimi Mukarram Unlier boshchiligidagi rasmiylar qarshi oldi. Dastlab tabiiy ofatdan koʻrilgan zarar, zilziladan soʻng oʻtgan bir yil davomida viloyatda bajarilgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Hozir vayron boʻlgan yoki shikast yetgan binolar sonini aytib, vaqtingizni olmoqchi emasmiz. Aytmoqchi boʻlganimiz – bugunga qadar vayron boʻlgan binolar chiqindilarini tozalash yakunlanibdi. Jiddiy zarar koʻrgan binolar joylashgan hududdan esa salkam 94 foiz chiqindi olib chiqilgan. Yoʻl-yoʻlakay koʻzingiz devorlariga zarar yetgan yoki yorilgan binolarga tushmasa, oʻtgan yili bu yerda zilzila boʻlganiga ishonmaysiz, ochigʻi.
– Afsuski, viloyatda vafot etganlar soni juda koʻp. 12 mingdan ortiq yaqinimiz halok boʻldi. Ularning oilasiga va falokatdan zarar koʻrganlarga davlatimiz tomonidan tovon puli toʻlab berildi. Qalbimizda jarohatlar katta, biroq taqdirga tadbir yoʻq ekan, – deydi Mukarram Unlier.
Taʼkidlanishicha, tumanlar markazida qurilgan konteyner uylarda salkam 69 ming, qishloq hududlarda esa 66 mingdan ziyod aholi yashamoqda. Ular uchun muqim turar joylar qurilib, foydalanishga topshirish ishlari jadal davom etmoqda.
Qahramonmarash Onadoʻlining qadim tarixga ega strategik muhim hududi. Ming yillar davomida koʻplab harbiy qismlar va karvonlar uchun tranzit vazifasini oʻtagan. Rim, Vizantiya, Saljuqiy, Dulqodirogʻlu va Usmoniylar davridan qolgan yuzlab tarixiy obyektlar mavjud. Hududda 866 madaniy boylik roʻyxatga olingan. Ulardan 83 tasi antik davrga oid. Mazkur tarixiy binolar va yodgorliklarga ham zilzila jiddiy zarar keltirdi.
Qanday hodisa sodir boʻlmasin, bolalar taʼlimiga eʼtibor birlamchi masala sifatida kun tartibiga chiqadi, muammoni bartaraf etish choralari koʻriladi. Bu borada mazkur viloyatda qanday ishlar qilinganiga qiziqdik.
– Konteynerli hududlarda tashkil etilgan 10 ta boshlangʻich va oʻrta maktabda 4514 oʻquvchi taʼlim olmoqda, – deydi hokim oʻrinbosari Tayfun Temur. – Mazkur hududlarda kutubxona, fan toʻgaraklari, qoʻshimcha darslar uchun markazlar faoliyatini boshlagan. Birinchi galda, bolalarning ruhiy holati jiddiy nazoratga olingan. Oilalar bilan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Qahramonmarashda zilziladan soʻng 5 ta shifoxona qurib bitkazildi.
Uyli odamning oʻyi ketar
Har bir davlatda eng muhim masala aholini turar joy bilan taʼminlashdir. Turkiyaning zilziladan zarar koʻrgan hududlarida qurilish-bunyodkorlik ishlari jadallik bilan bajarildi, bu ishlar davom etmoqda. Ayni paytgacha TOKI xalqni uy-joy bilan taʼminlash boshqarmasi tomonidan viloyatda 21 ming 680 ta xonadon qurib bitkazildi. Fevral oyi boshida mamlakat Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan ishtirokida 9289 ta xonadon kaliti egalariga topshirildi. Bundan tashqari, 192 qishloqda 9262 ta ixcham hovli uy qurilishi yakunlandi. Yil yakuniga qadar yana 30 mingga yaqin uy-joy qurib bitkaziladi. Bu ishlar barcha odam oʻz uyiga ega boʻlguniga qadar davom ettiriladi.
Shu oʻrinda yana bir muhim maʼlumot. Qahramonmarash viloyatiga jami 8615 yuk mashinasida gumanitar yordam yuborilgan. Viloyat hokimi Oʻzbekistondan kelgan gumanitar yordam va qutqaruvchilar koʻmagi uchun davlatimizga alohida minnatdorlik bildirdi.
Kunning ikkinchi yarmida press tur ishtirokchilari Qahramonmarashdagi Pazarchik tumanida qurilgan koʻp qavatli uylardagi shart-sharoitlar bilan tanishdi.
– Zilzila, birinchi galda, aholi turar joylarini sinovdan oʻtkazdi. Biz mustahkam deb oʻylagan ayrim uylarga ham zarar yetdi. TOKI oʻn yillar davomida sinalgan qurilish tashkiloti boʻlgani bois zarar sezilmadi. Endi bundan saboq chiqarib, uylarning mustahkamligi borasida qurilishda eng soʻnggi texnologiyalardan foydalanyapmiz. Uylarimiz 5 qavatdan iborat, – deydi TOKI muhandisi Tufan Gumush.
Meʼmor Xaticha Ezgi Reyxanliogluning aytishicha, qad rostlagan har bir uy testdan oʻtkazilyapti.
– Katta oilam bor, – deydi Abdulloh Arik. – Toʻrt oʻgʻlim bilan konteyner uyda yashaymiz. Bir oʻgʻlim narigi qishloqda turadi. Biz zilzilaga qadar chorvachilik bilan shugʻullanganmiz. Qishlogʻimizda ozuqa omborimiz bor edi. Uylarimiz ham, omborimiz ham yiqildi. Butun qolgan bir xonada oʻgʻlim oilasi bilan yashab turibdi. Biz esa bu yerda. Uylarimiz vayron boʻldi, qurbon berdik. Biroq hayot davom etyapti. Shunday paytda yengilganimizni nevaralarimiz koʻrsa, sarosimaga tushib qoladi. Shuning uchun kuchli boʻlishga majburmiz.
Abdulloh amaki koʻz yoshlarini ortiq yashira olmaydi. Biroq boshiga kelgan sinovlarga qarshi isyon koʻtarmaydi. Sabr qiladi. Davlat berayotgan non-tuzni oilasi bilan baham koʻradi. Hademay ular uchun ham uy kaliti topshirilishini aytib, shu kunlarning tezroq kelishidan umidvorligini bildiradi.
– Oyoqlaringizga sogʻliq, bizdan hol soʻrash uchun Oʻzbekistondan kelibsiz, – deya soʻz boshladi Doʻna xola. – Boshimizdan ogʻir kunlar kechdi. Uyimiz kunpayakun boʻldi. Farzandlarim, turmush oʻrtogʻim halok boʻldi. Ikki oʻgʻlim va bir qizim bilan omon qoldik. Mashinada jon saqladik. Bizga dastlab Pinarboshi mahallasidan chodir berildi, soʻng konteyner uylarga koʻchib oʻtdik.
Doʻna xola pensiyada ekan. Nevaralari bilan ovunib, hayoti oʻtyapti. Boshidan shuncha musibat oʻtganiga qaramay, koʻnglimizni koʻtaradi: “Turkiyadan xursand keting, hali bu kunlarni koʻrmaganday boʻlib ketamiz!”
Yaqinda zilzilaga bagʻishlangan kitob chop etildi. Unda keltirilishicha, mamlakat Alp-Himolay kamarida joylashgan boʻlib, Risk Management Index 2024 (INFORM)ga koʻra, Turkiya 191 davlat orasida xavflilik darajasi boʻyicha 40-oʻrinni band etgan. Zilzila bilan bogʻliq xatar indeksi esa 9,3 boʻlib, bu mamlakatning eng yuqori xavf darajasiga ega ekanini koʻrsatadi.
Bashorat Yunus