Mamlakatimizda oxirgi yillarda qishloq xoʻjaligi sohasiga bozor munosabatlarini keng joriy qilish, mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va xizmat koʻrsatuvchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni shartnomaviy-huquqiy mexanizmlar asosida tashkil etish, shu orqali sohani boshqarishda davlat ishtirokini cheklashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 – 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi ushbu vazifalarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Albatta, har qanday islohot amalda taʼminlanishi tez oʻz samarasini beradi. Fermerlar huquqlarini tushuntirish va himoya qilish maqsadida tashkil etilgan “Fermerga madad” aksiyasi doirasida adliya organlari tomonidan oʻtkazilgan huquqiy monitoring sohada bir qator muammo va kamchiliklar borligini koʻrsatdi. Aksiya doirasida fermerlar bilan tayyorlovchi, taʼminot va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasidagi shartnomaviy munosabatlarda jami 156 223 ta xato va kamchiliklar aniqlandi.

Shartnoma – oʻzaro huquq va majburiyatlarni belgilovchi asosiy hujjat

Fermer yerdan foydalanishining huquqiy asosi yer ijara shartnomasida belgilanadi. Monitoringda 565 ta holatda fermerlar bilan yer ijara shartnomasi tuzilmaganligi, 794 ta holatda yer ijara shartnomasining nusxasi fermerlarga berilmaganligi aniqlandi. Yer ijara shartnomasi tuzilmasa, hokimliklarga qoʻl keladi, ular istalgan vaqtda fermerdan yerni olib qoʻyishi yoki yerdan foydalanish fermerga istalgan qoʻshimcha talabni qoʻyishi mumkin, natijada fermer masʼullar xatti-harakati yuzasidan sudga shikoyat qilishda muammoga duch keladi. Fermer mahsulotni sotish boʻyicha kontraktatsiya shartnomasi, faoliyati uchun zarur oʻgʻit, yoqilgʻi, oʻsimliklar himoyasi vositalarini va boshqa mahsulotlarni xarid qilish, kredit, mexanizatsiya kabi xizmatlardan foydalanish boʻyicha 20 dan ortiq korxona, tashkilotlar bilan shartnoma tuzib ishlaydi. Ushbu shartnomalar oʻz vaqtida va taraflar uchun teng shartlarda tuzilsa, munosabatlarda huquqiy aniqlik va oʻzaro manfaatli hamkorlik taʼminlanadi. Lekin oʻrganishlar koʻpchilik holatlarda tayyorlovchi, taʼminotchi va xizmat koʻrsatuvchi korxonalar oʻzlarining monopol mavqeyidan foydalanib, ayrim hollarda esa davlat organlarining aralashuvi bilan shartnomaviy munosabatlarda fermerlar manfaatlariga zid xatti-harakatlar qilayotganligini koʻrsatmoqda.

Xususan, aksiyaning dastlabki 1 oyida oʻtkazilgan oʻrganishlarda tayyorlovchi, taʼminotchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar bilan fermerlar oʻrtasidagi shartnomalar 34 861 ta holatlarda kechikib tuzilganligi, 48 396 ta shartnoma hududiy qishloq xoʻjaligi boʻlimlaridan roʻyxatdan oʻtmaganligi aniqlangan. Masalan, Shahrisabz tumanida 2021-yilda 137 tonna pilla sotish boʻyicha tuzilgan 456 ta shartnomalar tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimidan roʻyxatdan oʻtmagan. Maʼlumki, roʻyxatdan oʻtmagan shartnomani istalgancha oʻzgartirish va unga tuzatishlar kiritish mumkin yoki uni davlat organi tomonidan monitoring qilish imkoniyati boʻlmaydi. Albatta, bunday oʻzgartirishlar fermer foydasiga boʻlmasligi aniq. Shuningdek, monopol mavqeyidan foydalanib fermerlar yetishtirgan mahsulotlar 7 531 ta holatda kontraktatsiya shartnomasi tuzmasdan olib ketilgan. Masalan, Xatirchi tumanidagi “DYNAMIC ELEKTRONICS” MCHJ klasteri tomonidan “Baxtiyor Ergash bogʻi”, “Xurshid-94”, “Sayyod”, «Davron Farhod muxosibi» kabi 17 ta fermer xoʻjaliklaridan gʻalla xarid shartnomasi tuzilmasdan qabul qilingan. “Buxoro agroklaster” MCHJ klasteri tomonidan Kogon tumanida 13 ta holatda boʻsh, toʻldirilmagan shartnoma imzolatib, ularning bir nusxasi fermerlarga taqdim qilinmasdan, yetishtirilgan gʻalla olib ketilgan.

Fermerga oʻz vaqtida haq toʻlanmayapti

Respublika boʻyicha 24 mingdan ortiq fermer xoʻjaliklariga 180 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻlar oʻz vaqtida toʻlab berilmagan. Jumladan, fermerlardan paxta toʻqimachilik klasterlari 39 mlrd. soʻm, «Qishloqxoʻjalikkimyo» AJ korxonalari 36 mlrd. soʻm, gʻallachilik klasterlari 34 mlrd. soʻm, don korxonalari 27,6 mlrd. soʻm, neft korxonalari 17 mlrd. soʻm qarzdor. Misol uchun, «Navoiy agrokimyohimoya» HAJ Karmana tuman filialining 68 ta shartnoma boʻyicha 196,1 mln soʻmlik, “MMTP” MCHJning 57 ta shartnoma boʻyicha 271,8 mln soʻmlik muddati oʻtgan qarzdorligi yuzaga kelgan. Gʻallachilik klasterlarining Toshkent viloyatidagi 859 ta fermer xoʻjaliklariga 12 mlrd. soʻm, Muborak tumanida 4,2 mlrd. soʻm, Angor tumanida 3,9 mlrd. soʻm, Kasbi tumanida 3,7 mlrd. soʻmlik yetkazib berilgan gʻalla pullari toʻlab berilmagan.

Jarayonlarga fermerlar munosabati

Shartnomaviy munosabatlarda erkinlik va tenglikka rioya etilish yuzasidan oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovda ishtirok etgan 10 mingdan ortiq fermerlarning 70 foizi aksariyat shartnomalar toʻldirilmagan (boʻsh) holatda ulardan imzolatib olinishini, 5 foizi esa umuman shartnoma tuzilmasligini maʼlum qilgan. Eng achinarlisi, soʻrovda ishtirok etgan 40 foizdan ortiq fermerlar shartnomadan ortiqcha gʻallani topshirishga majbur qilinganini bildirishgan. Soʻrovda ishtirok etgan fermerlarning 36,4 foizi turli yigʻilishlar va topshiriqlarning koʻpligi, 32,6 foizi kontragentlar bilan mustaqil shartnoma tuzish imkoni yoʻqligi, 19,6 foizi agrotexnika tadbirlariga aralashish, 11,4 foizi tekshirishlar koʻpligi ular faoliyatidagi asosiy toʻsiq ekanligini bildirishgan.

Fermerlar manfaati himoyasida

Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan, fermer xoʻjaliklarining buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida hududiy adliya organlari tomonidan tegishli taʼsir choralari qoʻllanilishi taʼminlandi. Jumladan, mazkur Aksiya doirasida jami 709 ta taʼsir chorasi qoʻllangan boʻlib, shundan 115 ta ogohnoma, 222 ta taqdimnoma, 3,9 mlrd. soʻmlik 388 ta daʼvo arizasi, 2 ta maʼmuriy taklif, 1 ta jinoiy taklif kiritildi. Qoʻllanilgan taʼsir choralari natijasida bugungi kunga qadar 13 ta shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan hamda 207 ta daʼvo arizalari sud tomonidan qanoatlantirilib, 321 mln. soʻm miqdordagi pul summalari fermer xoʻjaliklariga undirib berilishi taʼminlanib, qolgan taʼsir choralarning ijro etilishi nazoratga olingan.

Sohani takomillashtirishga doir takliflar

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Adliya vazirligi tomonidan quyidagilar taklif etiladi:

    1. Qishloq xoʻjaligi sohasida qabul qilingan qarorlarda koʻzda tutilgan bozor mexanizmlarini jadal amalga kiritish va maʼmuriy yoʻllar bilan fermerlar faoliyatini, ayniqsa mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tartibga solishni keskin kamaytirish;
    2. Qishloq xoʻjaligi sohasida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyati erkinligini taʼminlash maqsadida qishloq xoʻjaligi sohasida tuzilgan shartnomalarni majburiy ravishda qishloq xoʻjaligi boʻlimlarida roʻyxatdan oʻtkazish va shartnoma roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin kuchga kirishni bekor qilish.
    3. Davlat boshqaruv organlari tomonidan tasdiqlangan majburiy boʻlgan namunaviy kontraktatsiya shartnomasidan voz kechish va hozirgi bozor munosabatlaridan kelib chiqib tavsiyaviy xarakterga ega boʻlgan namunaviy shartnoma loyihasini ishlab chiqish.
    4. Tayyorlov va xizmat koʻrsatuvchi korxonalar, shu jumladan klasterlar tomonidan fermerlar bilan tuzilgan shartnomalarga oʻzboshimchalik bilan bir tomonlama oʻzgartirishlar kiritishni oldini olish maqsadida qishloq xoʻjaligi sohasida tuzilgan barcha shartnomalarning Internet tarmogʻida onlayn maʼlumotlar bankini yaratish.
    5. Qishloq xoʻjaligi boʻlimlari, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining asosiy vazifalari
      va faoliyat yoʻnalishlarini tanqidiy qayta koʻrib chiqish.

Shu oʻrinda, Adliya vazirligi “Fermerga madad” huquqiy aksiyasi joriy yilning dekabr oyigacha davom etishini yana bir bor eslatadi.Hurmatli fermerlar, Sizning huquqingiz buzilgan har qanday holatda zudlik bilan adliya organlariga (“1008” – telefon raqam yoki @fermergamadadbot – telegram orqali) murojaat qiling.

Adliya vazirligi
jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi