Qaysi hududda ishbilarmonlik muhiti faol?

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi joriy yilning o'tgan olti oyi uchun mamlakatimiz hududlarida ishbilarmonlik faolligi tahlilini e'lon qildi.

    Barcha sohalar bo'yicha o'tkazilgan monitoring Davlat bojxona va soliq qo'mitalari, Markaziy bank va O'zRXTB taqdim etgan tezkor ma'lumotlar asosida tayyorlanadi.

    Monitoring natijalari shuni ko'rsatdiki, joriy yil 1 yanvardan 27 iyungacha bo'lgan davrda respublikada soliq tushumlari hajmi o'tgan yilning mos davriga nisbatan 15,3 foizga oshgan.

    Soliq tushumlarining sezilarli o'sishi Farg'ona (37,6 foizga), Surxondaryo (37,5 foizga), Samarqand (35,9 foizga), Buxoro (35,9 foizga), Xorazm (35,2 foizga), Andijon (33,6 foizga) viloyatlari va Toshkent (44,6 foizga) shahrida qayd etildi.

    Soliq tushumlari o'sishi iqtisodiyotdagi ijobiy o'zgarishlar natijasida, shuningdek, soliq ma'muriyatchiligi tizimini takomillashtirish, jumladan, yangi ma'muriy vositalarni joriy etish, jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish va soliq qonunchiligi talablariga rioya etish tartibini soddalashtirish hisobiga ta'minlandi.

    Tahlil qilingan davr uchun bojxona to'lovlari bo'yicha tushumlar 2021 yilning shu davriga nisbatan 41,2 foizga oshdi. Bojxona tushumlarining eng yuqori o'sishi Xorazm (77,9 foizga), Sirdaryo (70,6 foizga), Andijon (61,3 foizga), Buxoro (56,3 foizga), Jizzax (49,8 foizga) viloyatlarida va Qoraqalpog'iston Respublikasida (68 foizga) kuzatildi.

    Bu tashqi soliq solinadigan import hajmi va valyuta kursi o'sishi, savdo aylanmasi, ishlab chiqarish quvvatlari oshishi, bojxona ma'muriyatchiligi tartib-taomillarini soddalashtirish, jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish, jumladan, bojxona organlari tomonidan risklarni boshqarish tizimidan keng foydalanish hisobiga ta'minlandi.

    Davlat bojxona qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, joriy yil boshidan 27-iyunga qadar tovarlar eksporti hajmi o'tgan yilning mos davriga nisbatan 25,4 foizga oshgan. Tovarlar eksporti hajmining sezilarli o'sishi Qashqadaryo (61,6 foizga), Navoiy (52,5 foizga), Samarqand (44,5 foizga), Andijon (33,5 foizga), Namangan (26,9 foizga) viloyatlarida va Toshkent (53 foizga) shahrida qayd etildi.

    Bu ko'rsatkich sanoat, oziq-ovqat, kimyo va qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksportining o'sish sur'atlari bilan izohlanadi.

    Tovarlar eksportining kamayishi Buxoro (22,2 foizga), Surxondaryo (6,8 foizga) viloyatlarida va Qoraqalpog'iston Respublikasida (17 foizga) kuzatildi.

    Buxoro viloyatida eksport kamayishiga 2022 yil yanvar-iyun` oylarida paxta tolasining eksport hajmi kamaygani sabab bo'lmoqda. Bu mahsulotlarning ichki bozorga yo'naltirilgani bilan bog'liq.

    Qoraqalpog'iston Respublikasida eksport hajmi kamayishi plastmassa va undan tayyorlangan mahsulotlar, ip-kalava va farmatsevtika mahsulotlari eksporti kamaygani bilan, shuningdek, paxta tolasi eksporti butunlay bekor qilinishi va ichki bozorga yo'naltirilishi bilan izohlanadi.

    Surxondaryo viloyatida eksport hajmi kamayishi meva-sabzavot mahsulotlari eksporti kamayishi hamda paxta tolasi va ip-kalavaning ichki bozorga yo'naltirilishi bilan bog'liq.

    Tahlil qilinayotgan davrda O'zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 42,8 foizga oshdi. Birjada savdo faolligi sezilarli darajada o'sishi Xorazm (68,1 foizga), Navoiy (65,4 foizga), Jizzax (54,6 foizga) viloyatlarida, Qoraqalpog'iston Respublikasida (49,8 foizga) va Toshkent shahrida (68,5 foizga) kuzatilmoqda.

    Ushbu hududlarda tuzilgan bitimlar hajmi o'sishi texnik urug'lar, mineral o'g'itlar, shakar, o'simlik yog'i, etil spirti, benzin, dizel` yoqilg'isi, qurilish va maishiy materiallar, qora va rangli metallar va boshqalar kabi tovarlar savdosini ko'paytirish orqali ta'minlandi.

    Shu bilan birga, Sirdaryo viloyatida 7,2 foizga pasayish kuzatildi. Bu polipropilen, paxta tolasi, texnik urug'lar, o'simlik yog'i, shrot va po'stlog'i, qora metall, tsement, bug'doy, sovun mahsuloti va chorva ozuqasi bilan savdo qilish bo'yicha bitimlar soni va hajmining kamayishi bilan izohlanadi.

    Yusup Jumaboyev,

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti