Jumladan, partiyalar ijtimoiy tarmoqlarda oʻz ishtiroklarini oshirish maqsadida Facebookʻda rasmiy sahifa, Telegramʻda kanallar ochishgan. Ularning deyarli barchasida partiyaning rasmiy veb-sayti hamda partiya nashrlaridagi materiallarga, partiya faoliyatiga oid foto va videomateriallarga havolalar bilan ulashilmoqda.

2019-yil dekabr oyida boʻlib oʻtgan parlament saylovlaridan buyon siyosiy partiyalarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga obunachilar soni oshgan. Masalan, OʻzLiDeP va “Adolat” SDP partiyalarining Facebookʻdagi sahifalariga obuna boʻlganlar soʻnggi ikki yilda 22 foizdan 46 foizgacha oshgan. Tegishli ravishda “Milliy tiklanish” DP va Xalq demokratik partiyasining obunachilari esa ikki barobar yuqori. Eng koʻp oʻsish yangi tuzilgan Ekologik partiyada kuzatildi — 8,4 barobar koʻp.

Siyosiy partiyalar Telegram messenjerida ham ishtirokini sezilarli ravishda oshirgan. Masalan, 2019-yil sentyabrda OʻzLiDep Telegram-kanalida obunachilar 2,5 mingga yaqin edi, hozirda ularning soni 75 mingdan ortgan. Biroq bitta eʼlon qilingan maʼlumotni koʻruvchilar soni 1,1 mingdan, kunlik koʻruv esa 12,1 ming foydalanuvchidan oshmaydi. OʻzLiDeP kanalida qamrov boʻyicha jalb qilish koeffitsiyenti (ERR) — barcha siyosiy partiyalar orasida eng kam (1,4 %). “Milliy tiklanish” DP kanalida obunachilar 36 mingdan oshadi. Partiya kuniga 14 ga yaqin maʼlumot joylaydi, ularning har birini oʻrtacha 1,2 ming foydalanuvchi oʻqiydi. Eng kam obunachisi boʻlgan partiya kanali Oʻzbekiston xalq demokratik partiyasiga tegishli — 5,9 ming atrofida (2019-yilga nisbatan 15-marta koʻp). Lekin XDPning ERR boʻyicha koʻrsatkichi yuqori — 16,67 %.