Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlarida yoʻlga qoʻyilgan qayta aloqa tizimlarining samaradorligi darajasi, shuningdek, ishonch telefonlari faoliyatining sifati “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbiri orqali oʻrganib boradi.
Jumladan, 2024-yil 10-16-yanvar kunlari davomida 21 ta vazirlik hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari masofaviy monitoring tartibida oʻrganildi.
Oʻrganishlarda qator vazirlik va idoralarning rasmiy veb-saytlarda eʼlon qilingan idoraviy aloqa (ishonch telefonlari) raqamlari orqali bir necha bor bogʻlanishga harakat qilinganda, qoʻngʻiroqlar javobsiz qoldirildi.
Ayrimlarida esa “Ishonch telefonlari xizmat faoliyati reglamenti”ga muvofiq, telefon qoʻngʻiroqlarini qabul qilish uzluksiz (dam olish kunlarisiz) tunu kun 24/7 rejimida amalga oshirilishi toʻgʻrisida maʼlum qilingan boʻlsada, oʻrganish davomida mazkur aloqa raqamlari ishchi holatda emasligi aniqlandi.
Shu kabi qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida yuqoridagi kabi holatlar takrorlanishining oldini olish choralarini koʻrish boʻyicha 6 ta vazirlik (Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik, Qishloq xoʻjaligi, Transport, Energetika va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) va 2 ta viloyat hokimligi (Andijon va Namangan viloyati hokimligi)ga taqdimnomalar kiritildi.