Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligida Hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan ushbu tadbirda vazirlik markaziy apparati xodimlari, respublika davolash-profilaktika muassasalari, hududiy boshqarmalar va tibbiyot birlashmalari hamda sohaga taalluqli oliy oʻquv yurtlari masʼullari ishtirok etdi.
Hayʼat yigʻilishini Sogʻliqni saqlash vaziri Amrilla Inoyatov olib bordi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining 1140 nafar mutaxassislarini safarbar qilish orqali hududlarda jigar, qon-tomir, qorin, koʻkrak qafasi, transplantologiya, mikroxirurgiya, rekonstruktiv va plastik jarrohlik amaliyotlari keng joriy etiladi.
Buyrak transplantatsiyasi amaliyoti joriy yildagi 300 tadan 500 taga, jigar transplantatsiyasi 20 tadan 50 taga oshirilishi koʻzda tutilmoqda.
— Hududlarda joriy yilda kamida 15 ming nafar bemorga yuqori texnologiyali amaliyotlarni qoʻllash bilan yordam berishni rejalashtirdik, — dedi vazir. — Bunda, yurak tugʻma nuqsonli bemorlarga 2500 ta okklyuder implantatsiyasi, 1700 ta laparoskopiya, 1600 ta endovaskulyar hamda shuntlash, stentlash, angiografiya va koronarografiya kabi amaliyotlar oʻtkaziladi.
Shuningdek, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish boʻyicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi.
Bunda, tugʻuruq komplekslarini taʼmirlash, zarur uskunalar bilan jihozlash va tugʻuruq oʻrinlari sonini mavjud 11 mingtadan 15 mingtaga yoki 35 foizga koʻpaytirish koʻzda tutilmoqda.
Qayd etilishicha, 46 ta tumanlararo perinatal markazini jihozlashga 5,2 million dollar yoʻnaltiriladi. Kelgusi yilda bolalarning ham aqliy, ham jismoniy, ratsional va sogʻlom rivojlanishi, ayollarda kamqonlik va tugʻma nuqsonlarning oldini olish maqsadida bolalarni hamda oʻsmir qiz va homilador ayollarni vitamin va dori vositalari bilan bepul taʼminlashga 145 milliard soʻm yoʻnaltirilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, eshitish qobiliyati past boʻlgan 250 nafar bolalarga koxlear implant oʻrnatiladi. Spinal mushak atrofiyasi bor 112 nafar bolalarni davolash uchun 120 milliard soʻmlik dori vositalari yetkazib beriladi.
Yigʻilishda shu kabi masalalar xususida soʻz yuritilarkan, quyidagi muhim vazifalar xususida ham toʻxtalindi:
— Malaka toifasini berishda, inson omili aralashmaydigan, shaffof, 3 bosqichli yangi tizim joriy etiladi. Taʼlim yoʻnalishidagi byurokratik toʻsiqlarga barham beriladi.
2023-yil 1-apreldan boshlab, malaka toifasi olish boʻyicha taqdim etiladigan hujjatlari Davlat xizmatlari markazlari orqali faqat elektron shaklda qabul qilish tartibi joriy etiladi.
Malaka toifa sertifikatlari QR-kod qoʻyilgan holda elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Keyingi yildan boshlab farmatsevtika va tibbiyot xodimlari faoliyatini bosqichma-bosqich litsenziyalashga oʻtamiz, — dedi Amrilla Inoyatov.
Shuningdek, Oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlari AQSH, Koreya, Germaniya va Rossiya standartlari asosida qayta koʻrib chiqiladi.
Tibbiyotda yetakchi boʻlgan xorijiy universitetlar darslik va ilmiy ishlari asosida oʻzbek va qoraqolpoq tillarida yangi avlod adabiyotlari yaratiladi.
Talabalarni nazariy va amaliy bilim hamda koʻnikmalarini baholash boʻyicha ikki bosqichli yangi tizim joriy etiladi. 2022-yilda 1000 dan ortiq mahalla tibbiyot punktlari tashkil etilgan boʻlsa, 2023-yilda yana 500 tasini tashkil etiladi. Bundan tashqari, respublika boʻyicha jami 30 ta oilaviy poliklinika, 110 ta oilaviy shifokor punktlari tashkil etilib, jami birlamchi tizim muassasalari soni 4200 taga yetkaziladi. Buning natijasida qoʻshimcha 2 million nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtiriladi.
— Koʻpchilikka maʼlum boʻlgan korrupsiya urchigan bir qator yoʻnalishlar borki, birinchi navbatda ularga barham berishimiz kerak. Xususan, ishga joylashtirish, ayniqsa hamshiralarni, roddomlardagi “suyunchi puli”, “kesarcha kesish” uchun belgilangan stavkalar, order berishdagi tanish-bilishchilik kabi illatlar mavjudligini hamma biladi. Afsuski, shu ishlarni amalga oshirayotgan ayrim nopok shaxslar tufayli butun tizim shaʼniga dogʻ tushmoqda. Yangi yilni tizimda “Korrupsiyaga qarshi kurash yili” deb eʼlon qilamiz. Vazirlikning maxsus “Ishonch telefoni” tashkil etiladi. Shu bilan birga ishonch telefoni sifatida oʻzimning shaxsiy raqamimni ham kiritaman, — dedi Sogʻliqni saqlash vaziri.