Butunjahon Sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, inson salomatligini belgilovchi omillarning 50 foizi uning ovqatlanishi va hayot tarziga, 20 foizi naslga va 10 foizi tibbiy xizmat sifatiga bogʻliq ekan.

Bundan kelib chiqadiki, insonning yashash tarzi va ovqatlanish madaniyati uning salomatligida muhim oʻrin tutadi. Shuning uchun ham Abu Ali ibn Sino uzoq umr koʻrishning asosiy omili sifatida toʻgʻri ovqatlanishni keltirgan.

Ispaniyada oʻtkazilgan tadqiqotlar yuqori darajada qayta ishlangan oziq-ovqatlar biologik qarishni tezlashtirishini aniqladi.

Tadqiqotda 55 yoshdan katta boʻlgan 886 ispaniyalik qatnashdi.

Natijalarga koʻra, bunday mahsulotlar – tayyor ovqatlar, pechenye, gazli ichimliklar va gamburgerlarni tez-tez isteʼmol qilganlarda qarish jarayoni tezlashishi kuzatilgan.

Tadqiqot ishtirokchilari ultra qayta ishlangan ovqatlarni kuniga uch marta va undan kam isteʼmol qiladiganlar toifasiga koʻra boʻlingan.

Navarra universiteti ilmiy xodimi Ameliya Marti rahbarligidagi mazkur tadqiqot doirasida genetik tahlil uchun soʻlakdan surtma olingan.

Ularda umr koʻrish davomiyligi bilan bogʻliq boʻlgan telomerlar (xromosomaning soʻnggi qismlari) uzunligi aniqlangan. Odatda, har bir hujayraning boʻlinishi bilan telomerlar kamayadi.

Ular juda qisqa boʻlganda, hujayralar boʻlinib, zararlangan toʻqimalarni “tiklay olmaydi”. Bu tananing qarishini anglatadi.