Parvozlarning ochilishi O‘zbekiston va Eron rahbariyati o‘rtasida, joriy yil sentyabr oyida Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raiysining mamlakatimizga rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar samarasidir. Xususan, tashrif davomida Eron va O‘zbekiston o‘rtasida bir qator viza tartib-taomillarini soddalashtirish va sayyohlik oqimini kuchaytirishga qaratilgan turizm sohasida hamkorlik dasturi qabul qilindi.

22-dekabrdan Tehron — Toshkent — Olma-Ota-Tehron va Tehron — Samarqand — Tehron yo‘nalishlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Parvozlar qulay Airbus 320 samolyotlarida, dastlab haftasiga bir marta amalga oshiriladi. Keyinchalik, yo‘lovchilar tomonidan yo‘nalish ijobiy qabul qilinsa, reyslar sonini ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.

1993-yilda tashkil etilgan Qeshm Air — shtab-kvartirasi Tehronda joylashgan Eron aviakompaniyasi bo‘lib, mahalliy va xalqaro, shuningdek, charter yo‘lovchi reyslarini amalga oshiradi.