Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qibray tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Qibraytumangaz” boʻlimi masʼul shaxslari oʻz xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, aholiga uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berish va gaz isteʼmolini doimiy monitoringni oʻtkazish choralarini koʻrmaganliklari oqibatida, “Madaniyat” MFYda yashovchi fuqaro Yu.X. oʻz xonadonidagi Issiqxonani tabiiy gaz quvuriga oʻgʻirlik yoʻli bilan yashirincha ulab, 592,1 ming kub tabiiy gazni noqonuniy isteʼmol qilib davlat va jamiyat manfaatlariga 561,2 mln soʻm zarar yetkazganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Qiziltepa tuman boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Gʻoyibon” MFYda yashovchi Z.S. tabiiy gaz tarmogʻiga yer ostidan rezina quvur orqali yashirin ulanib olib, davlat roʻyxatidan oʻtmasdan metall eritish faoliyati bilan shugʻullanib kelib, davlat va jamiyat manfaatlariga 244,1 mln soʻm zarar yetkazganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻirlik), 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.