O‘zbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida fuqarolarning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishda ayblanib, 2022-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi IIVgi tomonidan qidiruvda bo‘lgan, 1965-yilda tug‘ilgan Faxriddin Shakarboyev hamda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish aybi bilan 2018-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan 1992-yilda tug‘ilgan Xumoyunbek Mardonov joriy yilning 12-yanvar kuni Istanbul shahrida qo‘lga olingan edilar.
Kecha ushbu fuqarolar O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari ishtirokida Istanbul aeroportidan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi.
Mazkur shaxslarning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolar O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga yoki O‘zbekiston Respublikasi IIVga murojaat qilishlari so‘raladi.
Jinoyat uchun jazo muqarrarligini ta’minlash maqsadida Turkiya hududida hamkorlikdagi tezkor-qidiruv tadbirlari tizimli ravishda davom ettiriladi.