Qirgʻizistondan salkam 3 kilo narkotik modda olib kelgan ikki kishi qamoqqa olindi

    Andijon viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qirgʻizistondan salkam 3 kilogramm giyohvand modda olib kelgan ikki nafar shaxs qoʻlga olindi. Ular gashish moddasini 23 ming dollarga sotib olib, Toshkent shahrida sotmoqchi boʻlgani aniqlandi.

    Respublika miqyosidagi “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari hamkorligida Boʻston tumanidagi YPX maskanida tezkor choralar koʻrildi.

    “Andijon – Toshkent« yoʻnalishida harakatlangan «Lacetti” avtomobili tekshirilganda, uni boshqarib ketayotgan 1984-yilda tugʻilgan J.R.dan 2 kg 994 gramm gashish moddasi topildi. Shundan soʻng uning sherigi — 1993-yilda tugʻilgan Gʻ.N. ham qoʻlga olindi.

    Maʼlum boʻlishicha, modda Qirgʻiz Respublikasidagi narkosavdogarlardan kontrabanda yoʻli bilan olib kirilgan va Toshkentda sotilishi rejalashtirilgan.

    Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.