Kuz kirib kelganiga ham bir oydan oshdi. Hademay sovuq kunlar eshik qoqadi. Ota-bobolarimiz aytganidek, qishga hozirlik qancha puxta bo'lsa, u shuncha soz o'tadi.

Sovuq mavsumda aholini eng ko'p tashvishga soladigan masalalardan biri isitish tizimi bilan bog'liq ekani hech kimga sir emas. Ayni qahraton kunlarda ba'zan isitish tarmoqlaridagi nosozlik pand beradi. Ana shunday holatlarning oldini olish maqsadida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari belgilangan reja asosida olib borilmoqda.

Shu kunlarda ko'p kvartirali uy-joylar, issiqlik korxonalari, suv, kanalizatsiya obyektlarini ta'mirlash, fuqarolarga sovuq kunlarda elektr, gaz ta'minoti, suyultirilgan gaz, ko'mir etkazib berishga tayyorgarlik, ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga hozirlash ishlari davom etmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va ko'p kvartirali uy-joy fondini 2021/2022 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan mazkur jarayonlarga 2,5 trillion so'm mablag' ajratildi.

Ishlarning borishini nazorat qilish uchun tegishli vazirlik, idora, tashkilotlar vakillaridan iborat respublika komissiyasi hamda uning hududiy bo'linmalarida 24 soat davomida ishlaydigan maxsus shtablar tuzilgan.

Uy issiq — ko'ngil xotirjam

Respublika va mahalliy byudjet, bank kreditlari, uy-joy mulkdorlari shirkatlari mablag'lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan 4 388 ta ko'p qavatli turar joyni sifatli ta'mirlash belgilangan bo'lib, hozirga qadar uy-joylarning 4 mingtasi ta'mirlab bo'lindi.

Xo'sh, bu borada yana qanday ishlar bajarilib, aholining qaysi muammolari bartaraf etilyapti?

— Yurtimizda mavjud ko'p kvartirali uylarning 19 490 tasi markaziy va mahalliy qozonxonalar, induvidual isitish qozonlari, kontramarka va golland pechlari orqali issiqlik energiyasi bilan ta'minlangan, — deydi Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vaziri o'rinbosari, respublika komissiyasi a'zosi Qurbon Tursunov. — Bugunga qadar 28 ta markaziy va mahalliy qozonxona, 94 ta qozon uskunasi, 217,2 kilometr issiqlik tarmog'i mukammal ta'mirlandi. Shu bilan birga, 66 ta markaziy va mahalliy qozonxona (42 ta markaziy, 24 ta mahalliy), 836 ta qozon uskunasi, 530 kilometr issiqlik tarmog'i joriy ta'mirdan chiqarilgan.

Qozonxona issiqlik energiyasi va issiq suv ishlab chiqarish majmuasidi bщlib, bu yerda issiqlik energiyasi tabiiy gaz, ko'mir va neft mahsulotlari, elektr energiyasi va sovuq suvdan foydalangan holda ishlab chiqariladi. Ma'lumotlarga ko'ra, Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi tizimida 20 ta issiqlik ta'minoti korxonasi va ular tarkibida 578 ta qozonxona mavjud bo'lib, shundan 500 tasi hozirgi kunda ishlab turibdi. 2021-yilda markaziy va mahalliy qozonxonalarni hamda issiqlik tarmoqlarini rekonstruktsiya va modernizatsiya qilish uchun jami 23,1 milliard so'm miqdorida markazlashgan mablag'lar ajratilgan.

Xususan, Toshkent viloyati Yangiyo'l shahridagi Turon va  RK-1 markaziy qozonxonalarining rekonstruksiya qilinishi va ta'mirlanishi  77 ta ko'p qavatli uy va 6 ta ijtimoiy soha ob'ektini markazlashgan issiq suv va issiqlik energiyasi bilan ta'minlash imkonini beradi.

Bu boradagi ishlar boshqa viloyatlarda ham davom  etmoqda. Samarqand shahridagi RK-1 markaziy qozonxonasida jami 74, 6 milliard so'm mablag' hisobidan 21 MVtli 3 ta avtomatik tizimli qozonni o'rnatish hamda 15,4 kilometr issiqlik tarmog'ini yangilash rejalashtirilgan bo'lsa, Namangan shahri Davlatobod tumanidagi “Mustaqillik” va “Xalqlar do'stligi” MFYlar hududida har birining quvvati 60 mVtga teng bo'lgan 2 ta markaziy qozonxona, 60 kilometr issiqlik tarmog'ini qurish va 400 ta individual issiqlik punktini o'rnatish ishlariga 157,5 milliard so'm mablag' ajratilgan.

Ushbu sa'y-harakatlar natijasida joriy yil yurtimizdagi ijtimoiy soha obyektlarining barchasi qozonxonalar bilan ta'minlanadi. Ular tabiiy gaz bo'lgan vaqtda gazda, boshqa paytda ko'mirda ishlash imkoniyatiga ega. Mutasaddilarning ta'kidlashicha, bu yilgi qish mavsumida aholiga ko'mir etkazib berish bilan bog'liq muammolar bo'lmaydi. Ayniqsa, oxirgi yillarda ko'mirning sifati ortib borayotgani alohida ta'kidlanyapti.

Sustkashlikka yo'l qo'yilmaydi

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida xalqaro hamkorlikdagi loyihalarga ham e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, Xorazm viloyatida issiqlik ta'minotini yaxshilash maqsadida Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish jamg'armasi mablag'laridan 2021-yil uchun 34,4 milliard so'm ajratilgan bo'lib, 10 ta qozonxona va 11 kilometr issiqlik tarmog'ini modernizatsiya va rekonstruktsiya qilish loyihalarini amalga oshirish natijasida 77 ta ko'p kvartirali uy va 27 ta ijtimoiy soha ob'ektini issiqlik ta'minoti bilan ta'minlash nazarda tutilgan.

Jahon banki ishtirokida ham umumiy qiymati 220,7 million dollar bo'lgan yirik loyiha bajarilmoqda. Uning doirasida 5 ta markaziy qozonxona, 136,1 kilometr issiqlik tarmog'ini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, 2 056 ta individual issiqlik punktini o'rnatish belgilangan.

Toshkent shahri issiqlik ta'minoti esa Frantsiyaning Veolia Central & Eastern Europe kompaniyasiga 30 yilga davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida beriladi va bu bo'yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingan. Bundan bir necha kun oldin Toshkentda tashkil etilgan O'zbekiston iqtisodiy forumida Veolia kompaniyasi bilan Toshkent shahridagi markaziy isitish tizimini ekspluatatsiya qilish, texnik xizmat ko'rsatish va boshqarish bo'yicha kontsessiya shartnomasi tuzildi. Unga ko'ra, dastlabki ikki yilda Bektemir va Sergeli isitish tizimini modernizatsiya qilish bo'yicha pilot loyiha amalga oshiriladi. Uning yakunlari asosida butun shahar bo'yicha modernizatsiya dasturi tatbiq etiladi.

— Bu kabi jarayonlarda tizimda resurs tejovchi zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish belgilangan, — deydi Qurbon Tursunov. —202-yilga qadar markazlashtirilgan issiqlik ta'minotini bosqichma-bosqich yopiq tizimga o'tkazish ko'zda tutilgan. Ya'ni bu yo'nalishda amalga oshirilayotgan barcha loyihalarda foydali ish koeffitsienti 95 foizdan yuqori bo'lgan isitish qozonlari va individual issiqlik punktlari o'rnatiladi hamda issiqlikni saqlovchi, jumladan, penopoliuretandan tayyorlangan polimer izolyatsiyali va himoya qobig'iga o'ralgan quvurlar yotqiziladi. Mazkur yangicha usul issiqlik qoplamalaridan foydalanish muddatini 30 yildan ziyodroqqa oshiradi. Issiqlik tarmoqlarini rekonstruktsiya qilish sarf-xarajatlarini 15 foiz, xizmat ko'rsatishda 80 foiz, issiqlik energiyasini etkazib berishdagi yo'qotishlarni 20 foiz kamaytirish, yuzaga kelgan avariya hududlarini avtomatik ravishda aniqlashga imkoniyat yaratadi.

Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi tomonidan markazlashgan ichimlik suv ta'minoti etib bormagan olis qishloq aholisini obihayot bilan ta'minlash maqsadida sohaga NNTlarni jalb etish bo'yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, vazirlikning davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida “Taraqqiyot” aholi turmush tarzini yaxshilash markazi “2021-yilda Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlaridagi chekka hududlarni ichimlik suv bilan ta'minlash” loyihasi bo'yicha amaliy ishlarni boshlab yuborgan. 18 mingdan ortiq aholini toza ichimlik suv bilan ta'minlovchi, qiymati 14 milliard so'mlik mazkur sinov loyiha uchun 6 ta pudrat hamda 3 ta loyiha tashkiloti jalb qilingan.

Qishga hozirlik ishlari aholining asosiy e'tirozlariga sabab bo'ladigan elektr uzatish tizimida ham davom etmoqda. Bugunga qadar hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan 26 202,6 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 9061 dona transformator punkti mukammal, 49 509,1 kilometr elektr uzatish tarmog'i va 19 186 ta transformator punkti joriy ta'mirlandi.

— 2021-2022-yil kuz-qish mavsumida iste'molchilarga 31 598,2 million kVt/soat elektr energiyasi etkazib berilishi kutilmoqda, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari”AJ bosh boshqarmasi mutaxassisi Akmal Mirzayev. — Bu o'tgan yil mavsumidagiga nisbatan 3 632,8 million kVt.soat yoki 13,1 foiz ko'p degani. Hozirgi kunda barcha hududiy korxonalarimizda 400 ta maxsus avtotransport mavjud va ular shay holatga keltirilgan. Avariyaviy zaxira yaratilib, yuzaga kelgan avariyalarni bartaraf etish uchun tezkor ta'mirlovchi 439 ta brigada tashkil etilgan. Ular aloqa vositalari va mashinalar bilan ta'minlangan.

Xalqimiz bejiz “Sunbuladan keyin suv sovuq, mezondan keyin kun sovuq”, demagan. Bunday kunlarning bir zumda kirib kelganini ba'zan sezmay ham qolamiz. Shunday kezda aholiga qulaylik yaratish maqsadida bu yil olis hududlarda qish mavsumida 15-20 kunga etadigan oziq-ovqat zaxirasini yaratishga ham alohida e'tibor berilyapti. Maxsus shtab tomonidan kam ta'minlangan oilalarning qishda qiynalmasligi uchun choralar ko'riladi. Shuningdek, ishchi guruh qish davomida tarmoqlarda yuzaga keladigan barcha uzilish, nosozliklarni nazorat qilib, tuzatib boradi. Vazirlik-idoralarga berilgan vazifalarda sustkashlikka yo'l qo'ygan mas'ul xodimlarga nisbatan esa qat'iy choralar belgilangan.

Joriy yil oktyabr oyidan boshlab Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi tizimida ko'p kvartirali uyni boshqarish organlarining elektron reestri va boshqaruvchi tashkilotlar reytingi ishga tushirildi. Unda istalgan fuqaro servis kompaniyalarini A,  B,  C,  D toifalariga ko'ra baholab, reyting natijalarini bevosita kuzatib borishi mumkin.

Mavzu yuzasidan so'z borar ekan, ko'pchilik aholini asosiy masala — isitish mavsumi qachon boshlanadi va havo haroratining pasayishi sababli bu jarayonni belgilangan muddatdan ertaroq amalga oshirish mumkinmi, degan savollar qiziqtirishi tabiiy. Bu borada Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vaziri o'rinbosari Nazirjon Nazirov shunday deydi: “Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko'ra, 5 kungacha ob-havo 8 darajadan past bo'lsa, markaziy isitish tizimi ishga tushiriladi. Shu sababli hozir o'rtacha havo haroratimiz 16-18 daraja bo'lsa, kechasi 10-9 darajagacha tushmoqda. Shuning uchun bu masalada, normativ me'yorlar kelgandan keyin, ya'ni besh kun davomida kechasi harorat 8 darajadan past bo'lsa, qozonxonalar hokimlarning maxsus qarorlari bilan ishga tushiriladi”.

Shunday qilib, qish tobora yaqinlashmoqda. Poytaxt hokimligi xabariga ko'ra, Toshkent shahridagi markazlashgan issiqlik ta'minotidan foydalanuvchi iste'molchilarni issiqlik bilan ta'minlash maqsadida 2021-yil 12-oktyabrdan ijtimoiy soha ob'ektlarining isitilishi boshlanadi. 14-oktyabr sanasidan esa ko'p qavatli turar joy binolari muntazam isitishga o'tkaziladi.

Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan “Ko'p kvartirali uylarda issiqlik ta'minoti xizmatlari ko'rsatish qoidalari”ning 13-bandiga muvofiq, xonadonlarni isitish ehtiyojlari uchun issiqlik energiyasini berish davri Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan muddatlarda boshlanadi va tamomlanadi. Demak, yaqin kunlarda barcha hududlarda gaz, elektr va boshqa tarmoq korxonalari qishki mavsumga o'tadi. Ularni 24 soatlik shay holatga keltirish bo'yicha alohida topshiriqlar berilgan.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri