Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari xalqaro tajriba asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda qanday qilib barqaror oʻsishga erishish mumkinligini tahlil qildi.
Tadqiqot davomida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda uzoq muddat mobaynida jadal rivojlanishga erisha olgan mamlakatlar tajribasi oʻrganildi.
Mamlakatlarni saralashda quyidagi mezonlar asos qilib olindi: qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda 5 yil davomida kamida 5 foiz oʻsishga erishish, qishloq xoʻjaligida mehnat unumdorligi kishi boshiga minimal hisobda 7806,8 AQSH dollarini tashkil etishi, qishloq xoʻjaligidagi qoʻshilgan qiymat 5 milliard AQSH dollaridan kam boʻlmasligi lozim.
Natijada oʻtkazilgan tahlil asosida 4 ta mamlakat va ularda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish eng jadal rivojlangan davrlar aniqlandi:
Chili (1984-1998-yillar),
Koreya Respublikasi (1971-1977-yillar),
Niderlandiya (1970-1982-yillar)
Saudiya Arabistoni (1971-1977-yillar va 1980-1992-yillar).
Ushbu mamlakatlarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar orasida quyidagilarni ajratib koʻrsatish maqsadga muvofiq: savdoning erkinlashtirilishi va xalqaro hamda mintaqaviy savdo bitimlariga qoʻshilish, davlatning qishloq xoʻjaligidagi roli cheklanishi, “ishlab chiqarishning qiyosiy xarajatlari” asosida eksportga yoʻnaltirilgan tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligi va qishloq hududlarida infratuzilmalarni rivojlantirish, agrar tarmoqda hududiy ixtisoslashuvni rivojlantirish va boshqalar.