Qishloq xoʻjaligi vazirligi FAO bilan 2023-yilgi hamkorlik rejalarini muhokama qildi

    Agrosektor 11 Yanvar 2023 1861

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining (FAO) Markaziy Osiyo boʻyicha submintaqaviy koordinatori Viorel Gutsu va FAO ning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov ishtirokida uch tomonlama onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Tomonlar hozirda davom etayotgan hamkorlik va 2023-yilga moʻljallangan rejalarni muhokama qildilar.

    Ayni kunga qadar Oʻzbekistonda FAO ishtirokida qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirish boʻyicha 18 ta milliy va 15 ta hududiy loyihalar amalga oshirilyapti. Qishloq xoʻjaligida kreditlash, lizing, sugʻurta, subsidiyalash kabi yangi moliyaviy vositalarni ilgari surish birgalikdagi ishlarning dolzarb mavzusiga aylandi. Tomonlar, shuningdek, global iqlim tashabbuslaridan grant resurslarini jalb etish boʻyicha hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar. Xususan, Moslashuv fondi, Yashil iqlim fondi va Global ekologik fond ishtirokida yangi texnik va grant yordami loyihalarini ishga tushirish istiqbolli yoʻnalish sifatida belgilandi.

    Aziz Voitov bugungi kunda Oʻzbekistonda maʼmuriy islohot, shuningdek, qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish ishlari olib borilayotganini, bu borada mamlakatimiz tomoni Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida oziq-ovqat tizimi va boshqaruv usullarini oʻzgartirish boʻyicha Turkiya, Yaponiya kabi muvaffaqiyatli xorijiy tajribadan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

    Tomonlar, shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan avvalroq Samarqandda boʻlib oʻtgan SHHT Sammiti chogʻida taklif etilgan Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha global konferensiyani joriy yilda Oʻzbekistonda oʻtkazish boʻyicha tayyorgarlik masalalarini ham muhokama qildilar. Konferensiyaga tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirish uchun FAO bilan birgalikda ishchi guruh tuzishga qaror qilindi.

    Uchrashuv ishtirokchilari shu va boshqa dolzarb masalalarni fevral oyida Toshkentda boʻladigan uchrashuv chogʻida FAO shafeligida muntazam oʻtkazib kelinayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari qishloq xoʻjaligi vazirlarining navbatdagi yigʻilishida muhokama qilishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.