Qishloq xoʻjaligi vazirligi yangi tartibda xodimlarni ishga qabul qildi

    Ijtimoiy hayot 16 Oktabr 2020 3361

    Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida agrar soha taraqqiyotining muhim ustuvor yoʻnalishlari belgilangan boʻlib, ularni hayotga tatbiq etishda huquqiy, iqtisodiy, ishlab chiqarish munosabatlarini isloh qilish bilan birga inson resurslarini rivojlantirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

    Zero, har bir rivojlanish strategiyasi zamonaviy fikrlaydigan, dunyoqarashi keng, yangilikka moslashuvchan, doimiy ravishda oʻz ustida ishlaydigan, tashabbuskor hamda fidoyi xodimlar tomonidan amalga oshiriladi.

    Ushbu maqsadlarga erishish uchun professional kadrlar tarkibini shakllantirishda tanlov jarayonlarini takomillashtirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, meritokratiya tamoyillariga asoslangan holda munosib va qobiliyatli shaxslarni ishga qabul qilish hamda xizmat pogʻonalari boʻyicha koʻtarish — kadrlar siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

    Mazkur yoʻnalish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda Qishloq xoʻjaligi vazirligi ilk marotaba markaziy apparatda mavjud boʻlgan vakant lavozimni eng munosib nomzodlar bilan toʻldirish maqsadida ochiq mustaqil tanlov jarayonlarini oʻtkazdi.

    Tanlov inson omilini kamaytirish imkoniyatini taqdim etuvchi Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz orqali oʻtkazildi.

    Ochiq tanlov bir necha bosqichlardan iborat boʻlib, vakant lavozimlarga 405 ta nomzodning arizalari elektron tarzda qabul qilindi. Tanlovning keyingi bosqichlarida nomzodlar maʼlumotlari Vazirlik tomonidan belgilangan malaka talablari asosida saralanib, ularning axborot texnologiyalarini oʻzlashtirish darajasi, shuningdek, soha boʻyicha bilim va malakalari test sinovlari hamda suhbat oʻtkazish orqali baholandi. Tanlovda sohaga oid ilmiy darajaga ega, xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirgan, yetarli bilim va koʻnikmaga ega boʻlgan malakali mutaxassislar hamda iqtidorli yosh kadrlar tanlab olindi.

    Tanlov natijalariga asosan 10 nafar munosib nomzodlarni Vazirlik markaziy apparatiga ishga qabul qilish boʻyicha Komissiya xulosasi qabul qilindi.

    Hozirda Vazirlik tomonidan zamonaviy HR uslublarni amaliyotda qoʻllash, tanlov jarayonlarining sifatini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashni yana-da takomillashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab olingan.

    Taʼkidlash joizki, Vazirlik tizimida inson resurslarini rivojlantirish, kadrlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida eʼtiborga molik ishlar amalga oshirildi.

    Xususan, 2020-yil oktyabr oyi holatiga Vazirlikning markaziy apparatida faoliyat yuritayotgan boshqaruv xodimlarining barchasi oliy maʼlumotli boʻlib, ularning 76 nafari oʻz sohasi boʻyicha magistrlik darajasiga ega, 20 nafari xorijiy davlatlarning oliy taʼlim muassasalarida tahsil olgan, 8 nafari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va 5 nafari Bank-moliya akademiyasi bitiruvchilari hisoblanadi. Oʻtgan yilga nisbatan magistrlar soni 14 nafarga, xorijiy davlatlarning oliy taʼlim muassasalarida tahsil olgan xodimlar soni 13 nafarga ortgan hamda sifat tarkibining oshirilishiga erishilgan.

    Xodimlar tarkibi yosh jihatidan tahlil etilganda, oʻrtacha yosh 2019-yilda 42 yoshni, 2020-yilda esa 38 yoshni tashkil etdi, bu esa 30 yoshgacha boʻlganlar salmogʻi oʻtgan yilga nisbatan 2 baravar ortganligini koʻrsatmoqda.

    Xodimlarning tarkibi gender tengligi kesimida koʻrilganda, ayollarning soni 2019-yilga nisbatan 3 baravarga ortgan. Bugungi kunda xodimlarning 37,8 foizi xorijiy tillarni oʻzlashtirgan boʻlib, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 11,1 foizga ortgan.

    Vazirlik xodimlarining ilmiy salohiyatini koʻtarish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilgan boʻlib, 2019-yilda faoliyat yuritgan xodimlarning 16 nafari ilmiy darajaga ega boʻlgan boʻlsa, 2020-yilda 9 nafar xodim sohaga oid ilmiy ishlar himoya qilib, ilmiy darajaga ega xodimlar soni 25 nafarga (20,1%) yetdi. Shundan 9 nafari fan doktori yoki DSc (Doctor of Science) va 16 nafari fan nomzodi yoki PhD (Doctor of Philosophy).

    Shu bilan birga, Vazirlikning eng asosiy xodimlar tarkibi va kadrlar salohiyati viloyatlarda jamlangan boʻlib, qishloq xoʻjaligiga ilm-fan yutuqlarini joriy etish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqur anglay oladigan malakali kadrlar bilan toʻldirish borasida hududlarda tizimli ishlarni amalga oshirish borasida kamchiliklar mavjud.

    Shu bois, kelgusida asosiy eʼtiborni hududlarga qaratish, tanlov jarayonlarining yana-da ochiqligini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining hududiy filiallari bilan hamkorlikni samarali yoʻlga qoʻyish orqali xodimlar sifat tarkibini koʻtarish, ularni oʻqitish va malakasini oshirishni tizimli tashkil etish hamda ular faoliyat samaradorligini oshirishga qaratiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi
    Qishloq xoʻjaligi vazirligi