Xo'sh, qizamiq o'zi qanday kasallik? Tarqalayotgan ma'lumotlar haqiqatga yaqinmi? Qizamiqning belgilari, asoratlari qanday va undan himoyalanish mumkinmi?

Ushbu savollarga javob olish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi Vaksinalar logistikasi va immunoprofilaktika bo'limi boshlig'i, tibbiyot fanlari doktori Dilorom Tursunova bilan suhbatlashdik.

— Qizamiq ko'paygani haqida xabarlar tarqalyapti, bu xabarlar qanchalik asosli?

— Qizamiq mavsumiy kasallik bo'lib, asosan kuz-qish mavsumlarida ro'yxatga olinadi. Bugungi kunda qo'shni davlatlarda qizamiq kasalligi ko'paymoqda va chetga borib kelayotgan qizamiqqa qarshi emlanmagan aholi, bolalar orasida qizamiq bilan kasallanish ro'yxatga olinyapti.

— Qizamiq o'zi qanday kasallik?

— Qizamiq — yuqish darajasi yuqori bo'lgan va og'ir kechadigan virusli o'tkir yuqumli kasallik bo'lib, dunyo bo'yicha kasallikni asoratidan chaqaloqlar o'limining eng ko'p tarqalgan sabablaridan biri hisoblanadi.

— Asosan qaysi yosh guruhlarida uchraydi?

— Qizamiq har xil sabablarga ko'ra emlanmagan — vaqtincha ko'chib ketgan, tibbiy cheklov berilgan, emlashdan bosh tortgan aholi va bolalarda uchraydi.

— Kasallikning belgilari qanday?

— Kasallikning birinchi belgisi tana haroratining ko'tarilishi — kasallik yuqqach o'ninchi kuni paydo bo'lib, 1-7 kun davom etib, quyidagi belgilar bilan birga kechadi:

• burun bitishi;

• ko'zlarni qizarishi (konyunktivit);

• og'iz bo'shlig'ining shilliq qavatlarida kichkinaoq dog'lar paydo bo'lishi;

• holsizlik;

• yo'tal;

Tana haroratining ko'tarilishini 3-4 kunlari tananing hamma joylarida toshma paydo bo'ladi, dastlab toshma yuzda va bo'yinning yuqori qismida toshadi. Uch kun davomida toshma tananing pastki sohalariga qo'l va oyoqlarga toshadi. Toshma besh-olti kun davomida saqlanadi. 5-kundan so'ng terida pigmentatsiya — dog'lar qoladi. Ko'pincha bolalarda va katta yoshdagilarda qizamiq og'ir kechadi.

— Asoratlari qanday?

— 5 yoshgacha emlanmagan bolalar va ayniqsa chaqaloqlar qizamiq kasalligi bilan og'riganda quyidagi asoratlarning kelib chiqishi kuzatiladi:

• zotiljam

• shapko'rlik

• ensefalit (bosh miyaning yallig'lanishi oqibatida bosh miya shishiga olib kelishi)

• o'tkir diareya

• o'rta quloqning yallig'lanishi (otit)

Qizamiq bilan kasallangan har 20 nafar boladan bir nafarida zotiljam kasalligi bilan kasallanish ro'yxatga olinib, bu yosh bolalarda kasallik asorati tufayli o'lim bilan tugashiga sabab bo'ladi.

Asoratlar kelib chiqishi ehtimoli, to'liq yaxshi ovqatlanmaydigan yoki immuniteti past bo'lgan bemorlarda yuqori bo'ladi. Kasallik homilador ayollarda ham jiddiy asoratlar kelib chiqishiga sabab bo'lib, oqibatda homila tushishi yoki vaqtidan oldin tug'ruqni keltirib chiqaradi.

— Qizamiqdan qanday himoyalash mumkin?

— Qizamiqdan himoyalanishning yagona usuli — bu emlash. Milliy emlash kalendari asosida har bir ota-ona yashash manzilidagi poliklinikaga murojaat qilib, farzandini 1 yoshda va 6 yoshda qizamiqqa qarshi emlatishi kerak. O'zbekistonda emlash dasturi doirasida qo'llanilayotgan barcha vaksinalar samarali va xavfsizdir.

Kasallik belgilari paydo bo'lishi bilan shifokorga yoki “Tez yordam”ga murojaat etish lozim. Bemorni alohidalash zarur va shifokor tavsiyasi asosida kerakli davolash muolajalari olib boriladi.

Zulxumor Akbarova