Ekologiya vazirligining maʼlum qilishicha, Qizilqum davlat qoʻriqxonasi 1971-yil 23-iyunda Xorazm va Buxoro viloyatlari hududlarida tashkil etilgan. Hududda 359 tur (37 tur sut emizuvchilar, 266 tur qushlar, 29 tur sudralib yuruvchilar, 2 tur suvda va quruqlikda yashovchilar, 25 tur baliqlar) jonivorlar uchraydi. Shundan 50 turi Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
Xususan, Buxoro bugʻusi ham yoʻq boʻlib ketayotgan, lokal tarqalgan kenja tur sifatida Oʻzbekiston Qizil kitobidan joy olgan.
Shuningdek, Yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish toʻgʻrisidagi Konvensiya (CITES) II Ilovasiga va transchegaraviy koʻchib yuruvchi tur sifatida Bonn Konvensiyasiga kiritilgan.