Qiziltepa tumanining “Xomrabot” va “Husbiddin” mahallalari hukumat qaroriga asosan 2017-2018 yillar davomida gaz tarmog‘idan uzilgan edi. O‘sha kezlarda mahalla ahli gaz to‘lovini oldindan amalga oshirgan. Natijada 200 nafar fuqaroning gaz idorasidan haqdorligi yuzaga kelgan. Shu bois ular mazkur mablag‘larni qaytarishda amaliy yordam so‘rab, Qiziltepa tuman adliya bo‘limiga murojaat qilgan.
– Men “Husbiddin” mahallasining “O‘zbekiston” ko‘chasida yashayman. 2018 yilga qadar ko‘cha yashovchilari bilan tabiiy gazdan foydalanib keldik. Mahalladoshlarimizning ko‘pchiligi gaz uchun oldindan to‘lov qilishardi. Masalan, mening 400 mingga yaqin pulim gaz idorasida ortiqcha turgandi. Boshqalarning ham shu summaga yaqin mablag‘lari bo‘lgan. Bu pullarni qaytarish uchun ayrim idoralarga xat bilan murojaat qilganmiz. Ammo holat o‘z holiga tashlab qo‘yilavergan, – deydi fuqaro Anvar Ravshanov.
Adliya bo‘limi tomonidan “O’ztransgaz” AJ Navoiy viloyati bo‘yicha gaz ta'minoti hududiy filialining ma'lumotnomalari ko‘zdan kechirilganda fuqarolarning gaz idorasidan haqdorligi tasdiqlandi. Murojaat asosida adliya bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritilib, 200 nafar fuqaroga jami 300 million sum pul mablag‘larining qaytarilishi ta'minlandi.
Abduvali ASADOV,
Qiziltepa tuman adliya bo‘limi boshlig‘i