Boshqa shahzodalardan farqli ravishda Boburning hukmdorlik davri eng murakkab bir paytga toʻgʻri keldi va unga oʻz yurtida hukmronlik qilish nasib etmadi. Ammo mustahkam iroda, sabr-bardosh, yuksak aql va idrok, beqiyos jasorat va matonatga ega Bobur oʻzga yurtda boʻlsada, oʻz saltanatiga asos soldi. Bu saltanat tarqoq mamlakatning siyosiy birligini taʼminladi, uning gullab-yashnashi uchun asrlar osha ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Xoʻsh, u bunga qanday erishdi? Tarixchi va siyosatchilar buning asosiy sabablaridan biri Zahiriddin Muhammad Boburning oʻz saltanatida maʼmuriy boshqaruv tizimini toʻgʻri yoʻlga qoʻygani, ishlarning tartibli va oʻzaro maslahat bilan amalga oshirilganida deb hisoblashadi.
Ahamiyatli tomoni, oʻz davridagi boshqa hukmdorlardan farqli ravishda, Bobur saltanatida bu boʻlimlarning har biri davlat ishlarida oʻz oʻrni va mavqeyiga ega boʻlgan. Ularga oʻz tizimidagi barcha ishlar uchun javobgarlik va masʼuliyat yuklatilishi bilan bir qatorda, maʼlum bir qaror oldidan har birining fikri tinglanib, yeng maqbul takliflar inobatga olingan.
Bobur davlat qurilishi ishida, Hindistondek ulkan mamlakat tarixida burilish yasash, uni yaxlit saltanat darajasida koʻrish va boshqarish maqsadida qator yangiliklarga qoʻl uradi, idora usulida qonuniy asoslarni joriy etadi. Bu harakatlar zamirida, ayniqsa, shaxsning jamiyatdagi oʻrnini belgilashga alohida eʼtibor qaratadi. Ayni paytda u Xuroson va Hindistonda misli koʻrilmagan qurilish ishlarini amalga oshiradi, beqiyos meʼmoriy obidalar qatori bu oʻlkalarda koʻplab bogʻlar, sugʻorish inshootlari, xalq maʼrifati va madaniyati, turmushiga xizmat qiladigan yetmishdan ortiq madrasa, rabot, hammom, koʻprik va binolar qurdiradiki, bunday bunyodkorlik Sharq tamadduni tarixida ezgulik timsoli sifatida bugungacha qadrlanib kelinmoqda. Zahiriddin Bobur saltanatni boshqarish bilan birga mamlakat pochta-aloqa sohasiga ham jiddiy oʻzgartirishlar kiritdi, vaqt birligiga yangilik joriy etdi, arxitekturada Movarounnahr meʼmorlik uslublarini qoʻlladi, milliy artilleriya, harbiy-dengiz flotiga asos soldiki, bular barchasi Hindistonning tarixiy taraqqiyotida muhim burilish yasadi. Shu bilan birga bu mamlakatning tarixida mutlaqo yangi davr — boburiylar saltanati davrini boshlab berdi.
Boburiylar imperiyasi 16-asrning eng yirik imperiyalaridan biri boʻlganligi bois Osiyo va Yevropa qitʼasining koʻplab davlatlari bilan oʻzaro madaniy aloqalarni yoʻlga qoʻydi.
Movarounnahrdan elchilar hayʼatida yuborilgan adabiyot va sanʼat ahllaridan tashqari turli sabablar bilan Boburiylar davlatiga kelib yashab qolgan shoirlar, meʼmor va miniatyura ustalari koʻp boʻlgan. Meʼmorchilik, sanʼat, adabiyot Boburiylar davlatida roʻy bergan ijtimoiy, iqtisodiy oʻzgarishlar, madaniy aloqalarning kengayishi natijasida ilm-fan, adabiyot, sanʼat, meʼmorlik taraqqiy etgan, astronomiya yuksalgan. Dehli, Jaypur va boshqa shaharlarda rasadxonalar qurilgan.
Qurilish materiali sifatida oq va qora marmardan unumli foydalanilgan. Binolar devori qimmatbaho, rangli toshlar — haqiq, marvarid, sadaf, kahrabo, zumrad, yoqut va boshqa hamda fil suyagi bilan bezatilgan. Qurilishga Movarounnahr, Hindiston, Eron va Turkiya meʼmorlari boshchilik qilgan. Bu davr meʼmoriy yodgorliklaridan Humoyun maqbarasi (1565), Baland darvoza (1576), Toj Mahal (1632—50), Oltin ibodatxona (1764—66) jahon ahamiyatiga molik. Fotihpur Sikri shahri qalʼasi, Ajmir va Ollohoboddagi qalʼalar, Mathuradagi Govindadeva ibodatxonasi, Skandardagi Akbar va Eʼtimoduddavla maqbaralari, Agradagi Laʼl qalʼa, Moti masjid va Avrangoboddagi Bibika maqbarasi va boshqa Boburiylar davlatining yirik meʼmorlik obidalaridan hisoblanadi.
Umuman olganda, Bobur oʻz davlatida madaniy hayotning chinakam homiysi boʻldi. Ilm ahliga otalarcha mehribonlik koʻrsatdi. Lekin, butun umr uning yodiddan Movarounnahr sogʻinchi ketmadi. Buning isboti sifatida quyidagi misrani keltirish mumkin:
Beqaydmenu xarobi siym ermasman,
Ham mol yigʻishtirur laim ermasmen.
«Qobulda iqomat qildi Bobur»dersiz,
Andoq demangizki, muqim ermasmen.
Jamshid Abdullayev,
Jamoat xavfsizligi universiteti ofitseri