— Bemorlar nafaqat qonda qand miqdorining balansiga, balki lipidlar miqdoriga, qon bosimining meʼyorda boʻlishiga va qonning quyuqlashmasligiga eʼtibor qaratishlari lozim.
Qondagi qand miqdorini doimiy tarzda kamaytirib yurish uchun sogʻlom turmush tarziga rioya qilish – toʻgʻri ovqatlanish, serharakat boʻlish, shifokor nazoratida boʻlib, dori vositalarni muntazam qabul qilish tavsiya etiladi.
Kundalik ratsiondan yengil singuvchi uglevod saqlovchi mahsulotlar (shakar, asal, shirin konditer mahsulotlari, murabbo, shirin va gazli va sunʼiy boʻyoqli ichimliklar) chiqarib tashlanishi kerak.
Shuningdek, notoʻgʻri ovqatlanish, kamharakatlilik oqibatida kelib chiqadigan ortiqcha vazn qandli diabetning asosiy sababchisidir. Boisi, kasallikning 2-turi rivojlanishiga inson tanasida mushak toʻqimasining kamayib, yogʻ toʻqimasining koʻpayishi hisoblanadi. Ammo xastalik semiz boʻlmagan insonlarda ham rivojlanishi mumkin.
Kasallikning dastlabki belgilari kuzatilgandayoq shifokorga murojaat qilish lozim. Har bir kishi oʻzining tanasi vaznini nazorat qilib borishi, uning meʼyoriy koʻrsatkichlardan oshib ketishiga yoʻl qoʻymasligi talab etiladi.
Agar insonda diabetga moyillik boʻlsa va u kuchli qoʻrquvni boshdan kechirsa, bu insonda kasallikka chalinish ehtimoli bor.
Surunkali davom etuvchi stress holatlari, uyqusizlik, gipertoniya kasalligi hamda qandli diabet 2-turiga moyil boʻlganlarda ayrim dori preparatlarini muntazam qoʻllanishi (ayniqsa, glyukokortikoid guruhiga kiruvchi) ushbu kasallikning rivojlanishiga sabab boʻlishi mumkin.
Meʼyordan ortiq ovqat isteʼmol qilish va energiyani sarf qilmaslik natijasida organizmda energiya balansi buziladi. Odatdagidek sarf boʻlmayotgan energiya organizmda glikogen va yogʻlar koʻrinishida toʻplanib boradi.
Bu jarayon kuchayib borgani sari organizmda insulinga sezuvchanlik kamayib boradi va bu holat uglevodlar almashinuvining buzilishiga olib keladi.
Yaʼni, qandli diabet 2-turining paydo boʻlishi ijtimoiy holatga emas, balki kamharakatlik, nosogʻlom va ortiqcha ovqatlanishga bogʻliq.
Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligining matbuot xizmati olib bordi.