Shiddatli zamonda yashayapmiz, ertaga, hatto, bugun nima sodir bo'lishini hech kim taxmin qila olmaydi. Global inqirozlar, iqtisodiy noaniqliklar va yuz berayotgan geosiyosiy vaziyat fonida energiya narxlarining keskin o'sishi va tabiiy resurslarning tanqisligi ortib borayotgani ham dolzarb masalalardan biriga aylandi. Bunday vaziyatda muqobil energiya resurslari manbalaridan foydalanish samarali echim ekani, mamlakat iqtisodiyoti barqarorligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etishi tobora oydinlashmoqda. Bu, o'z navbatida, muqobil energiya iste'moliga talabni aniq belgilash, uni to'g'ri rejalashtirish va mustaqil ishlab chiqarishgacha bo'lgan jarayonlarni jadal institutsional tatbiq qilishni taqozo etmoqda.
Tahlillarga ko'ra, asrimizning 40-yillariga borib jahonda elektr energiyasiga talab hozirgidan 40 foiz oshadi. 50-yilga borib esa, jahon bo'yicha elektr energiyasining 70 foizini aynan muqobil energiya tashkil qiladi. “Yashil energetika”ga bo'lgan talabning ortishi neft`-gaz sanoatini inson iste'molida umri tugab borayotganining belgisidir.
Masalaga iqtisodiy jihatdan yondoshadigan bo'lsak, bozor iqtisodiyoti rivojida energiya taqchilligi tugatilmasa, unga omilkor yechimlar topilib, uzluksiz, arzon manbaalar ishlab chiqarilishi yo'lga qo'yilmasa na sanoat, na xususiy tadbirkorlik, na oilaviy biznes rivoj topadi. energiya quvvati yo'q joyda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyati pasayib ketadi va bu samaradorlikka salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Olis hududlarga xizmat taqozosi bilan borganimizda guvohi bo'lamizki, qishloqlar va ovullarning hammasida ham yangi zavod va fabrikalar tashkil qilinmagan, shu sababli, bugungacha ularda yetarlicha doimiy ish o'rinlari yaratishning imkoni mavjud emasdi. Bu xohish yo'qligida emas, energiya taqchilligi bois ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish imkoniyati cheklangani bilan bog'liq. Shunday kezlarda “Qani bu qadam etmas joylarda ham yuqori quvvatli elektr ta'minoti uzluksiz ishlab tursayu, Yangi O'zbekiston ruhi sezilsa, hayot qaynab yotsa, maishiy xizmat ko'rsatishning barcha turlari ishlasa. Mana bu qishloqqa kirish joyida tadbirkorlik guzari, yoki qayta ishlash korxonasi, yoki mahalliy xomashyolardan raqobatbardosh qurilish materiallari ishlab chiqarilayotgani ustidan chiqsang”, degan havas, niyatlar yurakdan kechishi tabiiy. Buning uchun yana shu gap, energiya kerak.
Kam xarajat, ko'proq elektr energiya
Shu bois, mamlakatimizda mazkur muammoning sabab va oqibatlari o'rganilgan holda, energiya resurslarini tejovchi innovatsion texnologiyalarni joriy etish, muqobil energiya manbalarini kompleks rivojlantirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Bu masala oxirgi yillarda kun tartibiga chiqqani, faol harakatlar boshlangani haqida aytishga hojat yo'q, barchamiz bunga o'zimiz guvoh bo'lib turibmiz.
Yuqorida ta'kidlanganidek, ishsizlik muammosi eng avvalo energiya resurslari etishmovchiligidan kelib chiqishi bor gap. Bu muammoni bartaraf etish borasida davlatimiz rahbari joriy yil 16-fevral kuni juda katta istiqbolli yo'l ochib berdi, desak to'g'ri bo'ladi. Shu kuni qabul qilingan “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori hayotimizni farovon yo'lga olib chiqishga katta asos bo'ladi. Chunki, mazkur qaror nafaqat respublikamizdagi yirik sanoat hududlarining jadal taraqqiy etishi, balki eng olis, chekka hududlargacha energiya uzliksizligi ta'minlanishi, ishlab chiqarish ruhi qadami etmagan joylarda ham hayot shiddatli jonlanishining garovidir.
Qarorda birinchi galda ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish sohalari va iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish ko'zda tutilishi bozor iqtisodiyoti mexanizmlarini quvvatlantiradigan yagona omil. Jumladan, muqobil energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligini qoplashni ta'minlash, uni kompleks tashkil etish natijasida investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish mexanizmlarini joriy qilish belgilab berildi.
Ta'kidlash joizki, energiya xarajatlarini kamaytirishda mavjud resurslarni optimallashtirish va yangi texnologiyalarga to'g'ri investitsiyalarni jalb qilish muhim. Bu islohotlar atrof-muhitga antropogen ta'sirlarni kamaytirish bilan birga, operatsion xarajatlarni boshqarishga va mijozlarga xizmatlarni yaxshiroq yetkazib berishga yordam beradi. Bundan tashqari, energiya ta'minoti uzliksizligi barqaror rivojlanish yo'lida hujjatlashtirilgan majburiyatlarning ijtimoiy mas'uliyatini oshirishga shart-sharoit yaratadi.
Shu bilan birga, elektr ta'minoti iste'molchilarning ishlab chiqarishga ketadigan kunlik talablarini qondirishning samarali usuli hisoblanadi. Masalan, respublikamizda 9 314 ta mahalla fuqarolar yig'ini mavjud bo'lib, ularda o'rtacha 10 milliondan ziyod xonadon bor. Hisob-kitoblarga ko'ra, mamlakatda har bir xonadonning bir oyda foydalanadigan elektr quvvati miqdori oyiga o'rtacha 160 kVt soatni tashkil qiladi. Buni yuqorida qayd etilgan umumiy xonadonlar soniga ko'paytirsak, iste'mol qilinadigan salmoqli energiya ko'rsatkichlari hosil bo'lishi turgan gap. O'zbekistonda elektr stantsiyalari bugun o'rtacha 56-57 milliard KVt soat elektr ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu kam ham, ko'p ham emas, biroq, talab o'sib borayotganini hisobga olsak, muqobil energiyaga o'tishga ehtiyoj katta.
Qolaversa, yurtimizda kun sayin sanoat zonalari va tadbirkorlik sub'ektlari faoliyati kengayib boryapti, yangilari tashkil etilmoqda. Bu energiya taqchilligini keltirib chiqarayotgan sharoitda, ta'minotni to'liq ta'minlashda innovatsion modellardan foydalanish samarali yechimdir. Davlatimiz rahbari 2021-yil 21-avgust kuni mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvda so'zlagan nutqida aynan shu masalani oldindan ko'targan edi. So'nggi 5 yilda elektr energiyasi iste'molchisi bo'lgan tadbirkorlar soni 25 foizga, ularning iste'mol hajmi 30 foizga ortishi elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish zarurligi, tariximizda ilk bor bu sohaga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar va xususiy biznes kirib kelishi e'tirof etilgandi. Natijada bugungi kunda xususiy investitsiyalar hisobidan umumiy quvvati 1 ming 800 megavatt bo'lgan 8 ta issiqlik va quyosh elektr stantsiyalari ishga tushirilmoqda.
Belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, hozirda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o'rnatish, iste'molchilarni muqobil energiyaga o'tkazish va energiyatejamkor texnologiyalarni keng tatbiq qilish orqali 2023-yilda qo'shimcha 5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish va 4,8 milliard metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish rejalantirilgan. Bunda davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarga katta e'tibor qaratiladi.
Davlat-xususiy sheriklik — bu davlat sherigi va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun o'z resurslarini birlashtirishiga asoslangan hamkorlik hisoblanadi. Oxirgi yillarda bu munosabatlarni rivojlantirish katta va innovatsion loyihalarga yo'l ochmoqda. 16-fevral kuni qabul qilingan yuqoridagi qarorda ham davlat-xususiy sheriklik asosida 2023-yilda 27 ta yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalarining manzilli ro'yxati hamda yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stantsiyalarini elektr uzatish tarmoqlariga ulash bo'yicha loyihalarni amalga oshirish belgilangan. Bunday loyihalar uchun 2023-yilda xalqaro moliyaviy tashkilotlardan qo'shimcha 2 milliard AQSH dollari miqdoridagi mablag'larni jalb qilish bo'yicha kelishuvlarga erishilgan. Joriy yilda 20 mingta ijtimoiy soha ob'ektlari va davlat idoralarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o'rnatish ana shunday yirik loyihalarning biri.
Shu o'rinda “yashil energiya” manbalari o'zi nima, uning istiqbollari qanday kabi savollarga to'xtalsak. “Yashil energiya” ko'pincha quyosh, shamol energiyasi, geotermal energiya, biomassa va gidroelektr energiyasi kabi qayta tiklanadigan, ekologiya uchun zararsiz bo'lgan tabiiy manbaalardan olinadi. Ular tabiiy gaz yoki ko'mir kabi qazib olinadigan yoqilg'i manbalaridan farqli o'laroq, tabiiy ekotizimlarga zarar etkazmaydi. Xususan, quyosh energiyasi qayta tiklanadigan energiyaning keng tarqalgan turi bo'lib, odatda, quyosh nurini ushlaydigan va uni elektr energiyasiga aylantiradigan fotovoltik elementlar yordamida ishlab chiqariladi. U binolarni isitish, elektr energiyasi bilan ta'minlash, kundalik turmushda esa issiq suv yetkazib berish, ovqat pishirish va xonadonni yoritish va boshqalarda ishlatiladi. Endilikda, quyosh energiyasidan maishiy maqsadlarda, shu jumladan, korxonalar, ta'lim muassasalari, uy xo'jaligi, issiqxonalar hamda yengil sanoatda foydalanish uchun yetarlicha arzonlashtirilmoqda. Kelgusida mahallalarda xonadonbay ishlab chiqarish yo'lga qo'yilib, o'z-o'zini energiya bilan ta'minlash bilan birga, oilaviy buyujetni boytishning manbai sifatida qaralmoqda.
Xalqaro miqyosda Xitoy, AQSH, Yaponiya va Buyuk Britaniya davlatlari qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirishga sarmoya kiritish bo'yicha etakchilar qatorida turadi. Ushbu davlatlarda shamol, quyosh, bioyoqilg'i, biomassa, suv va chiqindilardan energiya ishlab chiqarishga investitsiyalar kiritish hajmi so'nggi 20 yil ichida 33 milliard dollardan 300 milliard dollargacha oshgan.
Amerika Qo'shma Shtatlari 2050-yilga borib issiqxona gazlarining sof emissiyasi va 100 foiz yashil energiyaga o'tish sa'y-harakatlarini jadallashtirmoqda. Bu davrga borib Yaponiya, Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya va Buyuk Britaniya ham faqat qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni ko'zlagan. Bu tajribalar muqobil energiyaga o'tishning texnik salohiyati va ijtimoiy-iqtisodiy afzalliklarini yanada chuqurroq o'rganishni o'rgatadi.
Yurtimiz sharoitida ham muqobil energiyaga o'tish imkoniyatlari yuqori, tabiiy resurlarimiz katta potentsialga ega, deb ayta olamiz. Birgina quyosh energiyasini olaylik. Diyorimizda havo bir yilda 320 kundan ziyod ochiq bo'lib, mamlakat quyosh energiyasining salohiyati 51 milliard tonna neft ekvivalentidan ortiq. Bu quyosh energiyasini turli miqyos va maqsadlarda — elektr energiyasini ishlab chiqarish, issiq suv ta'minoti va isitish kabi ko'plab faoliyat turlarida qo'llash imkonini beradi.
O'zbekiston bu borada 2025-yilga qadar umumiy qiymati 5,3 milliard dollar bo'lgan 810 ta loyihani amalga oshiradi. Mamlakatimizning 25 ta eng yirik korxonasida energiya sarfini kamaytirish rejalashtirilgan. Hozirgi vaqtda Karmanada 100 MVt quyosh, Zarafshonda 500 MVt shamol, Nurobodda 100 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi ishlab turibdi. G'ijduvon va Peshkuda quvvati 1000 MVt, Qorao'zakda quvvati 100 MVt bo'lgan shamol elektr stantsiyalari, Kattaqo'rg'on va G'allaorol tumanlarida quvvati 200 MVtdan kam bo'lmagan quyosh elektr stantsiyalarini qurish ishlari ketmoqda. Bu loyihalar hayotimizda ommaviy muqobil energiyaga o'tish imkoniyatlari yaratilayotganini ko'rsatadi.
Ehtiyojdan ortgan elektr energiyani davlat sotib oladi
Muqobil energiya manbalari ekologik toza, tejamkor va uzluksiz ekani bilan birga, odatdagi yoqilg'i-energetika manbalaridan bir necha barobar arzonligi bilan ham iqtisodiyotda muhim o'rin tutadi. Shu bois, aholi xonadonlari, sanoat korxonalari, qo'yingki, elektr energiyasi zarur bo'lgan barcha tarmoqlarda undan foydalanishga o'tish samaradorlikka ega.
Yuqoridagi Prezident qarorida ham ana shu jihatlar nazarda tutilib, muqobil energiya yetkazib beruvchi qurilmalarni qo'llaydigan jismoniy va yuridik shaxslarga qator imtiyozlar berilmoqda. Xususan, tadbirkorlik subyektlari, davlat organlari va tashkilotlari, kompaniyalar o'z hisobidan bino-inshootlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o'rnatishi, bo'sh qolgan qismlarini ijaraga berish asosida muqobil energiyaga to'liq o'tishni qo'llab-quvvatlash dolzarb masala sifatida ko'tarilgan.
Kompaniya o'z hisobidan davlat organlari va tashkilotlari bino-inshootlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o'rnatganda, ushbu bino-inshootlarning tegishli qismlaridan ijara huquqi asosida bepul foydalanishi mumkin. Bunda, ijara shartnomalari belgilangan tartibda soliq organlarida ro'yxatdan o'tkaziladi. Muqobil energiya bilan shug'ullanuvchi kompaniyalarga mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilardan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari va ularning ehtiyot qismlarini xarid qilish, o'rnatish va ularga servis xizmatlarini ko'rsatish borasida to'g'ridan-to'g'ri shartnomalar tuzishga ruxsat berilishi esa tadbirkorlar faoliyatini yanada erkinlashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, joriy yil 1 apreldan boshlab umumiy quvvati 100 kVtgacha bo'lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o'rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ushbu qurilmalar bo'yicha mol-mulk solig'i, qurilmalar bilan band bo'lgan uchastkalar bo'yicha er solig'i hamda yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig'ini to'lashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan e'tiboran uch yil muddatga, o'rnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo'lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o'rnatilgan bo'lsa o'n yil muddatga ozod etiladi.
Tadbirkorlik sub'ektlari va xorijiy investorlarga muqobil energiyani rivojlantirish va foyda olish uchun qulay shart-sharoit yaratishga ham alohida e'tibor qaratilgan. Xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat organiga va hududiy elektr tarmoqlariga o'rnatilgan tariflarda, boshqa iste'molchilarga esa o'zaro kelishilgan narxlarda to'g'ridan-to'g'ri tuzilgan, shu jumladan, uzoq muddatli shartnomalar asosida sotishga ruxsat berilyapti. Bu imkoniyat oddiy fuqarolarda ham bo'ladi. Ya'ni, quyosh panelini o'rnatgan insonlar o'z ehtiyojidan ortgan elektr energiyasini tegishli tartibda davlatga sota oladi. Bu esa, ham energiya sarfini tejash, ham daromad topish imkoniyati degani.
Muqobil energiya manbalarini o'rnatish bo'yicha berilayotgan imtiyozlar ulardan foydalanishga bo'lgan talabni ham oshirishi turgan gap. Shu bois, sinalgan Xitoy kompaniyalarini jalb qilgan holda respublika hududlarida quyosh panellarini yetkazib berish, ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish bilan shug'ullanuvchi qo'shma korxonalar tashkil etish ko'zda tutilgan. Natijada joriy yil apreldan respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini o'rnatish bo'yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshiriladi. Loyiha asosida shu yilning o'zida aholi xonadonlariga 37 ming kichik quvvatli qurilmalar o'rnatiladi.
Ko'p qavatli uylar tomlari bo'sh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini o'rnatish talabi ham joriy qilinadi. Qolaversa, yurtimizdagi barcha yoqilg'i quyish shoxobchalarining maishiy-texnik ehtiyojlari va hududini yoritish elektr energiyasi ta'minotining kamida 50 foizi ushbu ob'ektlarda o'rnatiladigan quyosh panellari orqali qoplanadi.
Umuman olganda, qaror bilan joriy yil mamlakatimiz hududlarida elektr tarmoqlaridagi yo'qotishlarni kamaytirish va yirik sanoat korxonalarida yoqilg'i-energiya resurslarini tejash, ularni moliyalashtirish manbalari va amalga oshirish muddatlari aniq belgilab berilgan. Bu milliy iqtisodiyotimizda energiyatejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, sohalar va tarmoqlarda energiya sarfini iqtisod qilish bilan birga, yangidan yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilishiga yo'l ochadi. Endi bu samarali jarayon bevosita muqobil energiya manbalari, xususan, quyosh energiyasidan kengroq foydalanish hamda yangi ish o'rinlarini ko'paytirish, aholi farovonligini yanada oshirish bilan ham bog'liqdir. Atrof-muhitga zararsiz bo'lgan bunday qurilmalar qancha ko'paysa, tabiiy resurslarni asrash, ekologik muammolarni yechish, odamlarning tabiat bilan uyg'unligini kengaytirishga shuncha keng yo'l ochiladi.
Ishonamizki, 320 kuni quyoshli yurtimizda quyosh panelli qurilmalar yordamida ko'lamli energiya ishlab chiqarish kompleks yo'lga qo'yiladi. Bu esa jahon bozorida mamlakatimiz iqtisodiy rivoji va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Qo'ng'irotboy SHARIPOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 28.02.23-yil, 40-sonida e'lon qilindi)